Koʻzi ojiz bolalar maktabida 15 yildan beri ishlayotgan Zarina Olimovaga “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni berildi

Saqlash
23:21 / 29.11.2021 1155 0

Zarina Olimova yaqinda “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. U imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, qalbi yoniq ijodkor, jamiyatning faol aʼzosi. Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida tashkil qilingan “Yosh adabiyotchilar” toʻgaragini boshqaradi. “Tafakkur jilolari”, “Tuygʻular sohili” sheʼriy kitoblari, oʻttizdan ortiq ilmiy maqolalar muallifi.

 

Gʻayratli, tinib-tinchimas, oʻz ishini jonu dildan sevuvchi Zarinaga koʻplarning havasi keladi. Nukus shahridagi 10-sonli koʻzi ojiz, zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda oʻn besh yildan buyon davlat tili fanidan saboq berib keladi. Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyatining Qoraqalpogʻiston boʻlimi hamda Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda maktab-internatda shoir-yozuvchilar bilan uchrashuvlar, kitob taqdimotlari hamda koʻrik-tanlovlar oʻtkazadi.

 

– Birinchi guruh nogironiman. Ammo oʻzimni imkoniyati cheklangan inson deb hisoblamayman. Ollohga shukr, tani-jonim sogʻ, qoʻl-oyogʻim ishlaydi. Qolaversa, davlatimiz bizga doim shart-sharoitlar yaratib beradi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, audio materiallardan koʻproq foydalanaman. Maqolalarimni oʻzim kompyuterda yozaman. Rasmli qogʻozdan koʻrgazmali qurollar tayyorlayman, – deydi qahramonimiz.

 

– Buncha kuch-gʻayratni qayerdan olasiz?

 

– Oilamdan olaman. Ishdan charchab kelganimda farzandimning shirin kulgilari, qiliqlari qalbimni charogʻon aylaydi, charchogʻimni aritadi. Turmush oʻrtogʻim doimo meni qoʻllab-quvvatlaydi. U ishni qilishing kerak, bu ishni qilishing kerak, deb doimo olgʻa intilishga undaydi. Jamiyatda oʻz oʻrniga ega insonlarga havasdaman. Yutuqlaridan suyunaman, ilhomlanaman. Shularning barchasi menga kuch-gʻayrat bagʻishlaydi.

Oygul UBAYDULLA qizi,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//