Quyosh panellarini o‘rnatish monopoliyaga aylandimi? Vazirlik izoh berdi

Saqlash
22:07 / 07.08.2023 1284 0

Ijtimoiy tarmoqda quyosh panellarini davlat tashkilotlariga, kasalxona va maktablarga, xususiy binolarga o‘rnatish monopoliyaga aylanib qolgani haqida tanqidiy maqola chop etildi.


Energetika vazirligi mazkur masala yuzasidan munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, O‘zbekistondda kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatish davlat tomonidan emas, tadbirkorlik sub’yektlari (xususiy korxonalar) tarafidan amalga oshiriladi. Bugungi kunda respublikada quyosh fotoelektr tizimlarini va quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish hamda ularga servis xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi 100 dan ziyod tadbirkorlik sub’yektlari mavjud.

 

Ular mamlakatimizdagi qaysidir katta kompaniyalar bilan bog‘lanmagan, biri-biridan mustaqil, raqobatga kirishgan holda faoliyat yuritadi. Xorijdan quyosh fotoelektr tizimlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish, mamlakat hududiga olib kirish, xaridorlarga yetkazib hamda o‘rnatib berish, shuningdek, ularga servis xizmatlari ko‘rsatishda ham hech bir tadbirkorlik sub’yektiga cheklov qo‘yilmagan.

 

Ya’ni aholi vakillari, tadbirkorlar o‘zlari istagan tadbirkorlik sub’yekti bilan shartnoma imzolab, o‘z hududiga quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatishi mumkin.

 

Bunda hech qanday majburlashlarga va xarid qilishda qiyinchiliklar tug‘diradigan (qimmat narx, foizlarni oshirish kabi) holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

 

2023 yilda “Yashil energiya” MCHJ tomonidan ijtimoiy soha ob’yektlari va davlat idoralari ehtiyojlari uchun umumiy quvvati 10 MVtlik quyosh fotoelektr stansiyalarini xarid qilish, o‘rnatish va ularga texnik xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha “Sun High Tech” (2 MVt), “Eleve Fast Service” (2 MVt), “Humo Solar” (2 MVt), “Ogma Projects” (2 MVt), “O‘zbekenergota’mir” (2 MVt) kompaniyalari bilan jami 93 mlrd so‘m (8,08 mln dollar) qiymatda shartnomalar imzolandi.

 

Shuningdek, quyosh panellarini xarid qilish bo‘yicha “Tongwei Solar (Hefei) Co., Ltd” va ular uchun On-Grid invertorlarini xarid qilish bo‘yicha “Huawei International Co. Ltd” kompaniyalari bilan umumiy quvvati 300 MVtga teng quyosh panellari va invertorlari yetkazib kelinishi bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

 

Ta’kidlash o‘rinliki, agar joriy yil boshida 1 kVt quvvatga teng quyosh panelini o‘rnatish narxi 11,5 mln so‘mga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu raqam bugungi kunda 8,5 mln so‘mdan iborat bo‘lyapti. Shuning o‘ziyoq sohada raqobatning mavjudligini va tadbirkorlar mijoz uchun tannarxni pasaytirishdan, ularga qo‘shimcha imtiyozlar yaratib berishdan manfaatdorligini isbotlaydi, deyiladi vazirlik Axborot xizmati xaarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//