Madaniyat
“Savodsiz mardumning uch turi bo‘ladi. Birinchisi – o‘z ahvolini bilgani. Bu toifa har bir izdihomga o‘zini uravermaydi, ichida o‘zidan uyalish hissi bo‘ladi. Ana shu uyat unga chegarasini, haddini ko‘rsatib turadi. Nima bo‘lganda ham ko‘rpasiga qarab oyoq uzatadi. Ikkinchisi – o‘z ahvolini takabburlik bilan xaspo‘shlaydigan. Bu juda xatarli toifa. Xatarli jihati shundaki, ular hech qachon oqimga qarshi suzmaydi, hech qachon tarozining yengil tarafiga chiqmaydi... Uchinchisi, o‘z ahvolini bilmaydigan savodsiz. Bunisi endi dahshat!” Qo‘rquv sindromi, savodsizlik balosi haqida so‘z borgan “Firqasiz” muallifdan fiqralar”ning to‘liq matnini “Tafakkur” jurnalining 2023-yil 2-sonida o‘qing. Jurnalda yangi — “Kurashdagi ikki to‘lqin” rukni ostida internetda faol qalamkashlarning jamiyatdagi og‘riqlar haqidagi fikr-mulohazalari chop etib boriladi. Yangi ruknning ilk mehmoni shoir, publitsist Alisher Nazar.
“Konstitutsiyada “insof” degan norma yo‘q. Bo‘lishi ham mumkin emas, axir. Chunki insofning me’yori, mezoni, o‘lchovi, chegarasi bo‘lmaydi. Xalqimiz orasida “G‘ar bo‘l, o‘g‘ri bo‘l, insof bilan bo‘l” degan g‘alatiroq maqol ko‘p ishlatiladi. Qonun bunday egiluvchanlikni mutlaqo qabul qilmaydi. Qonunda g‘ar bo‘lish ham, o‘g‘ri bo‘lish ham qat’iyan, ya’ni mutlaqo man etiladi, vassalom. Aks holda, “Pora olsang, ming dollar olma, insofli bo‘l-da, yuz dollar ol”, deganga o‘xshash fatvo berilgandek bo‘lib qoladi...” – Yangilangan Konstitutsiya haqida “Har kimga dasturilamal” maqolasi mutolaasi davomida atroflicha javob olasiz.
“Yaqinda Ryunoske Akutagavaning “Yolg‘izlik jahannami” hikoyasini o‘qidim. Tarjima ancha bo‘sh chiqqan, nazarimda, chunki ruschasini o‘qigan tanishim menga juda boshqacha ta’riflagan edi. Alhol, hikoyadan chiqargan xulosam jahannam bo‘lmalari ichida eng dahshatlisi – odam yolg‘iz tashlanadigan joy ekan. Boshqa xonalarda hartugul qismatdoshlar bo‘ladi, bunda esa bo‘shliq va sen! Menimcha, yerda ham shunday dahshatga giriftor kimsalar uchraydi...” “Javondagi javohir” ruknida “So‘z bizni kechirarmikan” sarlavhasi bilan e’lon qilingan kitobxonning Uvays ustozi, mutolaadan keyingi hayrati, Godoning bo‘risi bilan tanishasiz.
Jurnalning keyingi sahifalaridan “Kelajak musavviri”, “Bahribayt” maqolalari, “Qaltis tanlov qarshisida” essesi, “Adashmoq saodati” she’riy turkumi o‘rin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Zamon-u makon tanlamas qadriyat”, “Hur fikr maydoni”, “Ma’rifatdan mahrum ma’sumalar”, “Sinkretizm nima?” maqolalari e’lon qilingan.
“Andishaning toshi og‘ir” suhbatida fikr va jur’ati poydor, maslagi kuchli odamga “Butun odam” ta’rifi berilgan. Jurnalning ushbu soniga xulosa o‘rnida keltirmoqchi bo‘lganimiz: “Tafakkur”ni o‘qing, “Butun odam” maqomida bo‘ling!
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q