Nashida ortidan 3 yilga qamalgan yigitga nisbatan chiqarilgan sud hukmi oʻzgarishsiz qoldirildi

Saqlash
02:33 / 18.07.2023 1630 0

Nashida ortidan qamalgan 20 yoshli Jahongir Ulugʻmurodovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi oʻzgarishsiz qoldirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Toshkent viloyat sudida Jahongir Ulugʻmurodov (2002-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan) ga oid jinoyat ishi uning himoyachilari tomonidan jinoyat ishlari boʻyicha Oqqoʻrgʻon tuman sudining 2023-yil 8-maydagi hukmi ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan apellyatsiya tartibida koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni yakunlandi.

Jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi S.Ashirmatov raisligida hamda sudyalar H.Berdiqlichev va X.Usmonovdan iborat sud tarkibida koʻrib chiqildi. Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 17-iyuldagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining Jahongir Ulugʻmurodovga nisbatan chiqarilgan hukmi oʻzgarishsiz, shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Ushbu ajrim ustidan Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat berilishi yoki protest bildirilishi mumkinligi maʼlum qilgan.

Eslatib oʻtamiz, YouTube'dagi nashidani Telegram guruhga yuborgan 21 yoshli Jahongir Ulugʻmurodovning 3 yilga qamalgani ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab boʻlgandi. Keyinchalik Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi “tergov idoralari uning harakatlarini toʻgʻri malakalagan”, deya xabar berdi. Shuningdek, yigitning onasi Gulchehra Umarova oʻgʻli bilan bogʻliq vaziyat yuzasidan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Oliy sudga videomurojaat yoʻlladi.

Oliy sud matbuot xizmatining xabar berishicha, ish hujjatlariga koʻra Jahongir Ulugʻmurodovga tegishli boʻlgan iPhone X smartfoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan vaqtda uning foydalanuvida boʻlgan telefon raqamiga ochilgan Telegram profili yordamida oʻzbek tilidagi “Shahid boʻlib ketsak, rozi boʻlingiz” nomli jihod va hijratga daʼvat qiluvchi diniy mazmundagi nashidalarni 10 nafar aʼzosi boʻlgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatgani aniqlangan.

Shu sababli yigitga tegishli mobil aloqa vositasi ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirilib olingan. Jinoyat ishlari boʻyicha Oqqoʻrgʻon tumani sudining 8-maydagi hukmiga koʻra Jahongir Ulugʻmurodov (2002-yilda tugʻilgan, maʼlumoti — tugallanmagan oliy)ga Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash)ni qoʻllab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing!

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//