Ichki bozorlarda shakarning chakana narxi yil boshiga nisbatan 10 foizga pasaydi – Raqobat qoʻmitasi

Saqlash
01:20 / 06.07.2023 1396 0

Oʻzbekiston ichki bozorlarida shakarning chakana narxi 12 000−13 500 soʻmgacha pasayib yoki yil boshiga (13 500 — 14 500 soʻm) nisbatan 10 foizga arzonlashdi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi.

 

Qoʻmita respublikada yillik umumiy ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan ortiq boʻlgan mahalliy shakar ishlab chiqaruvchi (“Xorazm shakar” MCHJ va “Angren shakar” MCHJ) korxonalarda mamlakat ichki ehtiyojining (oʻrtacha 650 ming tonna) 138 foizdan ortigʻini qoplash imkoniyati mavjudligini qayd etgan.

 

Mahalliy korxonalar tomonidan yanvar-iyun oylarida birja savdolariga jami 336,7 ming tonna shakar qoʻyilib, uning 280,1 ming tonnasi (83 foizi) sotilgan.

 

Iyun oyida shakarning 1 tonnasi uchun oʻrtacha sotilish narxi spot bitimlarida (toʻlov darhol amalga oshiriladigan bitim shakli) oʻrtacha 14 foizga va forward bitimlarida (toʻlov bitim tuzilganidan kamida 3 ish kuni oʻtib amalga oshiriladigan bitim shakli) oʻrtacha 15 foizga pasaygani kuzatilgan.

 

“Mazkur holat chakana narxlarga ham taʼsir etib, bugungi kunda ichki bozorlarda shakarning chakana narxi 12−13 ming soʻmgacha tushgani kuzatilmoqda yoki yil boshiga (13−14 ming soʻmni) nisbatan 10 foizga pasaygan”, deyiladi qoʻmita xabarida.

 

Mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini Braziliyadan xarid qilmoqda. 3-iyul holatiga bu zavodlarda 389 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjudligi hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangani aytilgan.

 

Qoʻmita shakar mahsuloti narxlarining keskin oshishi hamda vujudga kelishi mumkin boʻlgan holatlarining oldini olish boʻyicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgani va doimiy nazorat oʻrnatilganini qayd etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//