Samarqandda “Abadiy shahar” karvonsaroyi qurilmoqda

Saqlash
14:57 / 25.11.2021 1282 0

Samarqand tumanidagi zamonaviy shaharsozlik anʼanalari asosida Samarqand turizm markazi bunyod etilmoqda. Ayni paytda bu maskan ulkan qurilish maydoniga aylangan. Bu haqida Samarqand tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, 212 gektar maydonni egallagan majmuada besh va toʻrt yulduzli 8 ta mehmonxona, yirik anjumanlarni oʻtkazishga moʻljallangan kongress xoll, dam olish maskanlari, “Abadiy shahar» karvonsaroyi bunyod etilmoqda. “Abadiy shahar» karvonsaroyi xalqimizning oʻziga xos boy milliy-madaniy merosi va qadriyatlarini namoyon etadigan maskan boʻlishi kutilyapti.

 

Mazkur shaharcha loyihasi Eriyell kompaniyasi boshqaruvi raisi, taniqli meʼmor Baxtiyor Fozilov rahbarligida Bobur Ismoilov boshchiligidagi guruh tomonidan tayyorlangan. “Abadiy shahar»da Samarqanddagi tarixiy obidalar, ulkan minorayu gumbazlar, kulollar, zardoʻzlar, chinnipazlar, musavvirlar ustaxonalari, Samarqand qogʻozi ishlab chiqaradigan qadimiy ustaxona, Samarqand noni va boshqa milliy taomlari tayyorlanadigan maskanlar, qadimiy gavjum bozor – barchasi namoyon boʻlmoqda. Shuningdek, karvonsaroydan Xorazmning dunyoda tengi yoʻq gilamlari, Nurotayu Urgutning soʻzanachilik sanʼati – qadimiy kashtalari, Qoʻqonu Margʻilonning yogʻoch oʻymakorligi sanʼati namunalari oʻrin oladi, deyiladi xabarda.

 

Bu loyihani amalga oshirishga samarqandlik 300 ga yaqin usta-meʼmorlar jalb qilingan. Ular orasida Oʻzbekiston Qahramoni Mirumar Asadov, Oʻzbekiston xalq ustalari Saidali Mirzayev, Nasrullo Sohibnazarov, Mirjalol Asadovning farzandlari, avlodlari, shogirdlari va boshqa ustazodalarni ham koʻrish mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//