Yuragimiz gerb shaklida – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining 31 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlandi

Saqlash
00:31 / 04.07.2023 1710 0

Iyun-iyul oylaridagi ketma-ket ayyomlar estafetasini Davlat gerbining 31 yilligi yakunlab berdi. Milliy g‘ururimizning yorlig‘i sharafiga Respublikamizning turli burchaklarida qizg‘in tadbirlar tashkil etildi.

Yurtimiz xaritasini ochamiz va vodiy tomonlardan kelamiz.
 

“O‘zbekiston – barchamiz uchun yagona Vatan, yagona qalbdir!” shiori ostida o‘tkazilgan Farg‘ona viloyatidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar markaziy ko‘chalardagi “Vatanparvar avtokarvoni”dan boshlanib Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyi xiyobonidagi bayram tantanalari bilan yakunlandi. Konsertda ijro etilgan vatan va tinchlikni madh etuvchi qo‘shiqlar farg‘onalik yurtdoshlarimizga xushnudlik ulashdi.

 

 

Xuddi shu shior ostidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar Namangan viloyatida ham bo‘lib o‘tdi. “Vatanparvar avtokarvoni”dan so‘ng musiqiy tantanalar “Uch favvora” xiyobonida davom etdi. Dasturdagi jangovar ko‘rgazmali chiqishlar va vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar tomoshabinlarga haqiqiy bayramona kayfiyatni taqdim etdi.

 

 

Vodiy dovonini oshgandan so‘ng tarixiy hududlarimizga ham bir razm solaylik. “Vatanparvar” tashkilotining Samarqand viloyati kengashi ham an’anaviy avtokarvonga e’tibor qaratdi. Viloyat markaziy ko‘chalaridagi tantanavor namoyishlar bevosita vatanparvarlikning ta’sirchan targ‘ibotiga aylandi.
 

Buxoro viloyatida esa davlat ramzi tantanalari yanada keng miqyosda o‘tkazildi. Viloyatning ma’muriy markazidagi bayramona avtokarvon Abu Ali ibn Sino nomidagi favvoralar maydonida tashkil etilgan tadbirga ulandi. Tadbirga keng jamoatchilik –  taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, san’at va madaniyat namoyandalari, Mudofaa ishlari boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat hamda shahar boʻlimlari, jamoatchilik vakillari va yoshlar jamlandi. Shuningdek, an’anaviy shior ostida buxoroliklar va viloyat mehmonlariga Davlat gerbi tushirilgan sharaf tasmalari taqildi hamda heshteg ostida chellenj ham oʻtkazildi.

 

 

“O‘zbekiston – barchamiz uchun yagona Vatan, yagona qalbdir!” shiori ostidagi tadbirlar Vobkent tuman bo‘linmasi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda 1-umumta’lim maktabi faollar zalida ham bo‘lib o‘tdi. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy namoyishlar, she’r va musiqiy chiqishlar tadbir ishtirokchilarini xursand qildi.

 

 

Kogon shahar hududidagi harbiy qismda esa “Davlat gerbi – iftixorimiz!” mavzusida vatanparvarlik ma’naviy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.

 

 

 

Bizda navbatdagi manzil Surxondaryo viloyati. Avvaliga Termiz shahar ko‘chalari bo‘ylab avtomobillarga gerbimiz tasviri tushurilgan tasmalar yopishtirilib, aholi orasida keng targ‘ibot ishlari olib borildi.

 

An’anaviy shior ostidagi madaniy-ma’rifiy tadbir Termiz shahridagi “Bolajon” istirohat bogʻida bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida yoshlar oʻrtasida “Ranglarda aks etgan Vatan tuygʻusi” mavzusida rasmlar tanlovi ham tashkil qilindi va faol ishtirokchilarga diplom hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.   

 

 

Poytaxt tomon yo‘l olamiz. Qarshi bo‘lmasangiz, yo‘l-yo‘lakay Sirdaryo viloyatiga to‘xtab o‘tamiz. Chunki bu hududdagi “Davlatimiz ramzlari faxrimiz, gʻururimiz! shiori ostida o‘tkazilgan avtokarvon davlat telekanallari e’tiborini tortdi. Avtokarvonda 100 dan ortiq avtomobillar ishtirok etdi va sirdaryoliklarga haqiqiy bayram shukuhini taqdim etdi.
 

Umuman, “Vatanparvar” avtokarvonlari respublikamizning deyarli barcha viloyatlaridagi markaziy ko‘chalarni zabt etdi. 
 

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Oqtosh” bolalar oromgohida “Davlat gerbida – Vatan timsoli” mavzusida o‘tkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni ham e’tibordan chetda qoldirmaymiz. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Markazning Toshkent viloyat bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir doirasida “Gerbimiz – faxrimiz va iftixorimiz" mavzusida insholar tanlovi, “Vatan timsoli – ranglar jilosida” mavzusida rasmlar tanlovi ham o‘tkazildi. Tanlov g‘oliblariga o‘quv qurollari va kitoblar jamlanmasi taqdim etildi. O‘tkazilgan tadbir yoshlar bayrami bilan uyg‘unlashib ketdi.

 

 

Nihoyat, tantanalar finali Xalqlar do‘stligi maydonida bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat arboblari, taniqli shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at nomoyandalari, sportchilar, harbiylar, Milliy gvardiya otliq qismlari, faol yoshlar, OAV vakillari va keng aholi ishtirok etdi.

 

 

Tantanali bayram tadbirini Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo ochib berdi. So‘ngra O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Rustam Musurmon, “O‘zbekiston iftixori”, jahon chempioni Bahodir Jalolovlar so‘zga chiqdi.

 

 

Vatanni, milliy ramzlarimizni tarannum etuvchi taniqli san’atkorlar ijrosidagi qo‘shiqlar, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi harbiylari ishtirokidagi ko‘rgazmali chiqishlar tantanaga yanada fayz kiritdi. Ayniqsa, tadbir nihoyasida ochiq osmon uzra namoyish etilgan bayramona dron-shou  poytaxtliklar va poytaxt mehmonlariga mo‘jizaviy ruhiyat ulashdi.


 

 

Tantanalar ta’sirida yurtdoshlarimizdagi vatanparvarlik hissiyoti yanada jo‘sh urdi. Shoir Rustam Musurmon aytganidek, aslida bizning yuragimiz gerb shaklida... Biz davlat ramzlarimiz bilan g‘ururlanamiz.
 


Sirojiddin RUSTAMOV, 
Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//