Jamiyat
Senatning 42-yalpi majlisida Senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi. Mazkur qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida hozirgi zamon voqeliklarini, fuqarolarning takliflari va talab-istaklarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda madaniyat, sport va ilm-fan sohalarida katta gʻalabalarga erishilib, davlat bayrogʻi jahon uzra baland koʻtarilayotganini inobatga olib, undan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirish ehtiyoji yuzaga kelgan. Shu ehtiyojdan kelib chiqib, amaldagi qonun bir nechta yangi normalar bilan toʻldirilmoqda.
Xususan, qonun bilan davlat bayrogʻidan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya va madaniy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda hurmatni taʼminlagan holda bayroqdan foydalanish mumkinligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti.
Shuningdek, bayroq tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishda ham aholiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, bayroqdan jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, transport vositalarining salonida, rasmiy xalqaro tadbirlarda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida boʻlgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda Oʻzbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkinligi nazarda tutilyapti.
Bundan tashqari, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullangan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q