AQSH Alisher Usmonovni sanksiyalar roʻyxatiga kiritdi

Saqlash
17:06 / 21.06.2023 1442 0

AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida Alisher Usmonovni “qora roʻyxat”ga kiritdi, deb xabar bermoqda Spot Shveysariyaning Handelszeitung nashriga tayanib.

 

Maʼlumot uchun, Ukrainada urush boshlangandan keyin Yevropa Ittifoqi, AQSH va yirik xalqaro moliya tashkilotlari Rossiyada faoliyat olib boruvchi siyosatchilar, tadbirkorlar va boshqalarga qarshi sanksiyalar joriy eta boshlagan.

 

2022-yil mart oyida Yevropa Ittifoqi sanksiyalar roʻyxatini kengaytirib, unga USM holding asoschisi, kelib chiqishi asli oʻzbekistonlik boʻlgan rus milliarderi Alisher Usmonovni ham kiritgandi. Keyinchalik AQSH tomonidan Alisher Usmonovning mulki, jumladan, super yaxtasi va samolyotidan foydalanishga taqiq qoʻyildi. Italiyaning Sardiniya orolida esa Usmonovning mol-mulklari musodara qilindi.

 

Aprel oyiga kelib Buyuk Britaniyaning yangi sanksiyalar roʻyxatiga kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan uch ayol, jumladan, Alisher Usmonovning ikki singlisi ham kiritildi. May oyida Alisher Usmonov YI kengashining unga nisbatan sanksiyalar qoʻllash haqidagi qarorini bekor qilishni talab qilib, Yevropa sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qildi. Iyul oyida Alisher Usmonovning jiyanlari Buyuk Britaniya sanksiyalari roʻyxatiga kiritildi.

 

Shuningdek, noyabrda Financial Times Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni soʻrayotgani haqida yozgandi. Nashrning yozishicha, Oʻzbekiston tomoni bu iltimosni amaldagi cheklovlar milliarderning mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritishiga xalal berayotgani bilan izohlagan.

 

Mavzuga doir: Ukrainadagi urushda Rossiya tomonidan 34 nafar oʻzbekistonlik halok boʻlgani aytilmoqda

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish