Xususiy tibbiyot uchun 200 mln dollar imtiyozli kredit ajratiladi

Saqlash
17:00 / 01.05.2026 31 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev sogʻliqni saqlash tizimini transformatsiya qilish, tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. 

 

Taqdimotda qayd etilganidek, 2016-yilda 3,2 mingta xususiy klinika faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2026-yilda ularning soni 8,7 mingtaga yetishi kutilmoqda. Xususiy tibbiyot yo‘nalishlari 39 tadan 116 taga, ushbu sektordagi koyka o‘rinlari esa 16 mingdan 57 mingtagacha ko‘paydi. Xususiy sektorning umumiy koyka fondidagi ulushi 12 foizdan 31 foizgacha oshishi prognoz qilinmoqda.

 

Shu bilan birga, tizimdagi ayrim muammolar ham ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, tibbiy xizmatlar sifati ustidan amaldagi nazorat mexanizmlari yetarli darajada samara bermayotgani, litsenziyalash talablari zamon talablariga to‘liq javob bermasligi, xususiy klinikalar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona elektron tizimda shakllanmagani, shuningdek, investitsiya loyihalari bilan manzilli ishlash tizimi yetarli emasligi qayd etildi.

 

Ma’lumot berilishicha, tibbiy faoliyatni litsenziyalash bilan bog‘liq barcha vazifalar Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markaziga o‘tkazilib, 2026-yil 1-iyuldan litsenziyalash tartiblarini kuchaytirish, bemor xavfsizligi va tibbiy yordam sifatini ta’minlashga doir 48 turdagi litsenziya talablarining 14 tasini qayta ko‘rib chiqiladi.

 

Qolaversa, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga litsenziya doirasidagi barcha yo‘nalishlarda budjet mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish, akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy muassasalarga transplantatsiya faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini taqdim etish, 2028-yildan boshlab akkreditatsiyadan o‘tmagan nodavlat va respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari bilan Sug‘urta jamg‘armasi tomonidan tibbiy xizmatlarning xaridini amalga oshirmaslik taklif etildi.

 

2030-yil yakuniga qadar barcha davlat tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich, xususan, 2027-yil 1-aprelgacha 55 ta respublika, 2028-yil yakuniga qadar 413 ta hududiy hamda 2030-yil yakunigacha 3 mingdan ortiq tuman (shahar) davlat tibbiyot tashkilotlari faoliyati majburiy litsenziyalanadi.

 

Xususiy tibbiyotni rag‘batlantirish maqsadida olis hududlarda yangi klinikalar ochish uchun 200 million AQSh dollarlik imtiyozli kredit resursi ajratilishi, har bir loyiha uchun 10 yilgacha muddatga 10 million AQSh dollardan kredit berish, asosiy stavkaning 50 foiz qismi uchun kompensatsiya mexanizmini qo‘llash nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, xorijiy mutaxassislarga ijtimoiy soliqni 1 foiz etib belgilash, tibbiy uskuna va butlovchi qismlar bo‘yicha bojxona imtiyozlari berish kabi yengilliklar taklif etildi.

 

Taqdimotda aytilishicha, tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligini tashkil etiladi, investorlarga konsalting va amaliy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladi, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini professional asosda shakllantiriladi va ilgari surish mexanizmini joriy etiladi.

 

Agentlikka sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, investitsiya va davlat-xususiy sheriklik loyihalariga ko‘maklashish, davlat tibbiyot tashkilotlarini boshqaruvga berish vakolati beriladi hamda agentlik ta’sischiligida investitsiya loyihalarini shakllantirish, kelishish va amalga oshirishda ko‘maklashuvchi aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Health Invest” kompaniyasi tashkil etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//