“Vatanparvar” 30 yoshda

Saqlash
17:33 / 24.11.2021 862 0

Kecha, 23-noyabr kuni Yoshlar ijod saroyida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi.

 

Tadbirga tashrif buyurganlar uchun tashkilot tizimidagi sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha seksiyalar va toʻgaraklarining sport texnikalari koʻrgazmalari namoyish etildi.

 

Koʻrgazmadan baggi, karting va sport mototsikllari kabi poyga transportlari, pnevmatik qurollar, raketamodel, aviamodel va kemamodel namunalari oʻrin oldi.

 

Tadbirda soʻzga chiqqanlar “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlash boʻyicha amalga oshirilayotgan keng qamrovlari ishlar, yoʻlga qoʻyilayotgan yangi tizimlar, xususan, yoshlarning vaqtini mazmunli oʻtkazishga qaratilgan saʼy-harakatlari toʻgʻrisida soʻzladi.

 

Tashkilot tizimida 2021-yilning “Eng yaxshi boshlangʻich tashkilot raisi”, “Eng yaxshi oʻqituvchi”, “Eng yaxshi yoʻriqchi”, “Eng yaxshi sportchi”, “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyalari gʻoliblari, tashkilot xodimlari, mehnat faxriylari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda kuni kecha respublika bosqichi yakunlangan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining gʻolib jamoalari qimmatbaho sovgʻalar, “Vatanparvar” tashkilotiga 30 yil» esdalik belgilari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

 

Bundan tashqari, “Vatanparvar” tashkiloti tashkil topganiga 30 yil toʻlishi munosabati bilan OAV xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan tanlov gʻoliblari ham diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlandi.

 

Maʼlumot uchun: “Vatanparvar” tashkilotining asosiy vazifalari aholi, ayniqsa, yoshlarni mudofaaga tayyorlash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga oʻqitish etib belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//