Mol-mulk soligʻi va yer soligʻiga hisoblangan penya summalari hisobdan chiqariladi

Saqlash
15:49 / 16.06.2023 1702 0

“Faol ishbilarmonlik muhitini shakllantirishni yanada ragʻbatlantirish, soliq majburiyatini bajarishda aholi tomonidan ortiqcha xarajatlarga yoʻl qoʻymaslik hamda qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–192-son, 14.06.2023-y.) qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, 2023-yil 1-iyun holatiga quyidagilar hisobdan chiqariladi:

 

jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi (noturar koʻchmas mulk obyektlari bundan mustasno) boʻyicha muddatida toʻlanmagan qarziga hisoblangan penya summalari;

 

oxirgi 6 oy mobaynida moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan YATTlarning qatʼiy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliqdan vujudga kelgan qarzi, hamda ularga hisoblangan penya va jarimalar summasi;

 

xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorligi uchun qoʻllanilgan jarimalar summasi.

 

Ushbu soliq qarzi, penya va jarimalarni undirish bilan bogʻliq sud va ijro ishlari tugatiladi.

 

2024-yil 1-iyungacha yer uchastkalaridan hujjatlarsiz foydalanayotgan jismoniy shaxslarga yer soligʻining 3 karra oshirilgan stavkasida soliq hisoblash tartibi toʻxtatiladi.

 

Fermer xoʻjaliklariga 2023-yil 1-iyun holatiga shakllangan suv soligʻidan qarzini 12 oy mobaynida teng ulushlarda foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etildi.

 

2023-yil 1-iyuldan 2024-yil 1-iyulgacha issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan koʻp boʻlgan tadbirkorlar tomonidan ishchilarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari boʻyicha toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini quyidagi shartlarga bir vaqtning oʻzida rioya qilinganda tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etiladi:

 

har bir 5 sotix yer maydoni uchun oyiga kamida 1 nafar ishchining bandligini taʼminlash;

 

har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadni mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam boʻlmagan (980 ming soʻm) miqdorda belgilash;

 

issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan issiqxona faoliyati boʻyicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etishi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//