Xorazmning barcha bogʻcha va maktablari filtrlangan ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlanadi – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
19:18 / 13.06.2023 1022 0

Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning xorazmlik saylovchilar bilan uchrashuvi boshlandi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi.

 

Bugun, 13-iyun kuni  Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi saylovoldi uchrashi Urganchda boʻlib oʻtmoqda. Uchrashuvda nomzod saylovchilarni oʻzining saylovoldi dasturi bilan tanishtirmoqda.

 

Xorazmning barcha bogʻcha va maktablari filtrlangan ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev

 

Shuningdek, 2030-yilga qadar maktabgacha taʼlimga boʻlgan ehtiyoj toʻliq qoplanadi va qamrov hozirgi 79 foizdan 100 foizga yetkazilishi va shu maqsadda, qariyb 2 trillion soʻm mablagʻ hisobiga 500 ga yaqin yangi bogʻchalar tashkil etilishi taʼkidlandi. Kelgusi yetti yilda zamonaviy maktablar barpo etish, mavjudlarining quvvatini oshirish hisobiga qoʻshimcha 90 ming oʻquvchi oʻrni yaratilishi va buning natijasida viloyatda oʻquvchisi 30 nafardan koʻp boʻlgan sinflar qolmasligi aytildi.

 

Aholining zamonaviy uy-joyga oʻsib borayotgan talabini qondirish maqsadida, 50 ming xonadonga ega 2 mingta koʻp qavatli uylar barpo etiladi. Shu bilan birga, 2030 yilga qadar Urganch, Xiva, Pitnak shaharlari, Gurlan, Tuproqqalʼa, Hazorasp, Bogʻot, Xonqa va Yangiariq tumanlaridagi 1 million aholi suv taʼminoti yaxshilanadi. Bunga 100 million dollar yoʻnaltiriladi, — deb taʼkidladi prezidentlikka nomzod.

 

Shuningdek, nomzod oʻtgan yillar davomida amalga oshirilgan ishlar xususida aytib oʻtdi:

 

– olti yarim yilda viloyat iqtisodiyoti 1,3 marta oʻsib, 32 trillion soʻmga yetdi, aholi jon boshiga daromad 16,5 million soʻmdan oshdi;

– viloyatda bogʻchalar qamrovi 22 foizdan 79 foizga, oliygohlarda esa 8 foizdan 38 foizga koʻpaydi;

– oldin birgina Urganch davlat universiteti boʻlgan boʻlsa, hozirga kelib 5 ta davlat, 3 ta nodavlat va 1 ta xorijiy oliygoh faoliyat koʻrsatmoqda;

– Talabalar soni 5 karra koʻpayib, 46 ming nafarga yetdi;

– 28 ta zamonaviy shifoxona va poliklinikalar tashkil etildi;

– 500 mingdan ziyod aholi yashayotgan mahallalarga markazlashgan tarmoqlar orqali suv yetkazib berildi, suv taʼminoti 2017 yildagi 52 foizdan 86 foizga yetdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//