Yoz faslida o‘tkir ichak kasalliklari nega ko‘payadi?

Saqlash
18:46 / 13.06.2023 1139 0

Hozir yurtimizda ayni pishiqchilik mavsumi. Yozning jazirama kunlari boshlandi. Bu davrda aholi, ayniqsa bolalar o‘rtasida avj oladigan mavsumiy kasalliklar bor. Shulardan biri — o‘tkir diareya. U xalq orasida ichburug‘ ham deb ataladi.

 

Xo‘sh, ushbu xastalik qanday kelib chiqadi? Uning o‘ziga xos belgilari nimalardan iborat? Qanday xavfli asoratlari mavjud? 

 

Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Tursunova shu haqdagi mulohaza va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi

 

— Yoz kunlarida ochiqda qolgan taom va yeguliklar sifati juda tez buziladi, — deydi mutaxassis. — Ayniqsa, sut va sut mahsulotlari qisqa muddatda aynib qolishi mumkin.

 

Bundan tashqari, kasallik kelib chiqishiga asosan gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik sabab bo‘ladi. Masalan, bolalar baʼzan ko‘chadan uyga kirgach va ovqatlanishdan avval qo‘llarini sovunlab yuvishni unutadi. 

 

Ho‘l meva-sabzavotlarni isteʼmol qilishdan avval ularni yaxshilab chayish ham kichkintoylarning doimo xayoliga kelavermaydi. Oqibatda og‘iz orqali organizmga tushgan bakteriya va viruslar ichburug‘, dizenteriya, salmonellyoz kabi o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarni qo‘zg‘atadi. 

 

Yaʼni organizmdagi bakteriya va viruslar ichak shilliq qavatini yallig‘laydi va ulardan ajralgan toksinlar qonga so‘rilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha bo‘lgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon bo‘ladi. 

 

Bemorlarda holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi, tana harorati ko‘tarilishi, qorin og‘rishi, dam bo‘lishi kabi simptomlar kuzatiladi.

 

O‘tkir diareya bemor holati va organizmga tushgan mikrob yoki virus xususiyatiga qarab yengil, o‘rtacha yoki og‘ir, baʼzan tipik bo‘lmagan shaklda o‘tishi mumkin. 

 

Kasallikni davolashda har bir daqiqaning ahamiyati katta. Yaʼni bemorga qancha erta tashxis qo‘yilib, muolaja qancha tezroq boshlansa, natija shu qadar samarali bo‘ladi. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//