Shavkat Mirziyoyev Lombardiya gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashuv o‘tkazdi

Saqlash
21:20 / 09.06.2023 1785 0

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifining ikkinchi kunida Milan shahrida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

Italiya shimolida joylashgan Lombardiya mamlakatning aholi soni va maydoni bo‘yicha eng yirik hamda iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Viloyat respublika yalpi ichki mahsulotining 22 foizini taʼminlaydi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropa Ittifoqida beshinchi o‘rinni egallaydi.

 

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

 

O‘tgan yilda O‘zbekiston hududlarining Lombardiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 83 foizga oshdi. Aprel oyida Milan va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovlar qayta tiklandi.

 

Hududning Pietro Fiorentini, Terranova, Danieli, Fin. Opera kabi yetakchi kompaniyalari bilan mustahkam sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

 

O‘zbekiston Prezidenti qo‘shma savdo va investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiya va bilimlarini O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligini taʼkidladi.

 

Lombardiya bilan keng ko‘lamli hamkorlik dasturini tez fursatda tayyorlash, Samarqandda qo‘shma investitsiya forumini o‘tkazish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

 

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini ilgari surish uchun qulay sharoitlar yaratish, tibbiyotda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, shu jumladan Madaniyat kunlarini o‘tkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Gubernator Lombardiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi loyiha va tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//