“Yuksalish” harakati qiynoqlarga barham berish maqsadida 10 ta taklif ishlab chiqdi

Saqlash
19:03 / 09.06.2023 1758 0

“Yuksalish” umummilliy harakati “ichki ishlar idoralari ayrim xodimlarining gʻayriqonuniy harakatlari, shu jumladan qiynoqqa solish holatlari keng jamoatchilik eʼtirozlariga sabab boʻlayotganini” taʼkidlab, qiynoqlarga barham berish maqsadida 10 ta taklif ishlab chiqqanini eʼlon qildi.

 

“Uchrayotgan qiynoq holatlari, Oʻzbekistonning bugungi milliy va xalqaro imijiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi lozim. Ushbu holatlar davlatimiz rahbari olib borayotgan insonparvarlik va inson qadri ustuvorligi tamoyillariga zid ekanligini taʼkidlaymiz”, — deyiladi “Yuksalish” xabarida.

 

Harakat keng jamoatchilik fikri va soha ekspertlariga tayangan holda, qiynoqlarga barham berish maqsadida zudlik bilan quyidagi eng muhim ishlar amalga oshirilishi zarur, deb hisoblaydi:

 

1. Avvalo, soʻnggi roʻy bergan qiynoq holatlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati batafsil axborot berishi hamda tizimda qiynoqlarga barham berish boʻyicha aniq rejalarini jamoatchilikka taqdim etishi kerak;

 

2. Bundan buyon, muntazam ravishda har bir qiynoq va boshqa inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi holatlar boʻyicha IIV rahbariyati tomonidan shaxsan jamoatchilikka axborot berib borish amaliyotini kiritish lozim;

 

3. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxsning huquqlari sodda tilda tushuntirilganligi haqida tilxat olish amaliyotini joriy etish;

 

4. Jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan shaxsning prokuror bilan uchrashish talabini darhol qondirish boʻyicha huquqini qonunchilikda mustahkamlash;

 

5. Hibsga (qamoqqa) olinganlarning rasman qamoqda saqlash joylari deb eʼtirof etilgan joylarda saqlanishini, ularning saqlanayotgan joylari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni manfaatdor tomonlar, shu jumladan qarindoshlari, doʻstlari va jamoat tashkilotlari uchun ochiq boʻlishini taʼminlash maqsadida onlayn maʼlumotlar bazasini yaratish;

 

6. Shaxsni hibsga olishda “Miranda qoidasi”ni qoʻllash bilan bogʻliq harakatlarni talab darajasida amalga oshirmaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini zudlik bilan parlamentga kiritish;

 

7. Milliy preventiv mexanizm doirasida ichki ishlar idoralarining vaqtincha saqlash hibsxonalari va ushlab turish joylariga jamoatchilik vakillarining monitoring tashriflarini tashkil etish va doimiy amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish;

 

8. Ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini qayta koʻrib chiqish, xususan, tegishli tuzilmalar xodimlarini jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlarini bilishi, xodimlarning psixologik holatini stress-testdan oʻtkazish tizimini isloh qilish;

 

9. Har bir ushlab turish va hibsga olish vakolatiga ega boʻlgan davlat organlari huzurida Jamoatchilik kengashlarini tashkil etish, Kengash tomonidan tegishli davlat idorasining faoliyati davomida inson huquqlarining taʼminlanishi va poymol etilmasligi yuzasidan doimiy jamoatchilik maslahatlashuvlari va monitoringlarni oʻtkazish mexanizmlarini ishlab chiqish;

 

10. Qiynoqlar, inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish bilan bogʻliq, jamoatchilikda rezonans uygʻotgan jinoiy ishlar yuzasidan ochiq va sayyor sud majlislarini tashkil etish, ularni OAV orqali onlayn translyatsiya qilish amaliyotini keng joriy etish.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//