Yoz chillasida jaziramadan qanday saqlanish mumkin?

Saqlash
18:25 / 09.06.2023 1958 0

“Oʻzgidromet” xizmati agentligi mamlakatda 25-iyundan 3-avgustgacha davom etadigan qirq kunlik davr — yoz chillasi paytida jaziramadan saqlanish boʻyicha tavsiyalar berdi.

 

Oyning uchinchi oʻn kunligida issiq qisqa muddatga biroz kuchsizlanish davrlari bilan harorat asosan +36…+39 daraja, respublikaning shimolida, janubida va choʻl hududlarida +42 daraja atrofida boʻladi.

 

“Umuman olganda, iyun oyi meʼyordan 2−3 darajaga iliqroq boʻladi. Ayrim kunlarda baʼzi joylarda biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin, iyun oyidagi yogʻingarchilik miqdori meʼyordan kam boʻlishi kutilmoqda. Iyul va avgust oylari uchun ob-havo prognozlari faqat ehtimollik shaklida tuzilishi mumkin — bu uzoq muddatli prognozlarga eng toʻgʻri va aniq yondashuvdir”, — deyiladi xabarda.

 

Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari davomida eng issiq iyun oyida havo harorati koʻpchilik viloyatlarda baʼzi joylarda +44…+46 darajagacha, Qizilqum choʻlida 47 darajagacha, respublikaning eng janubida +48…+49 darajagacha koʻtarilgan.

 

Shu oʻrinda yozning issiq kunlarida xatti-harakatlarning baʼzi asosiy qoidalari boʻyicha eslatma berib oʻtilgan. Ular quyidagilar:

 

Quyoshda uzoq vaqt qolmaslikka harakat qiling, ayniqsa kunning oʻrtasida. Agar buning iloji boʻlmasa, tanani va boshni toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlaridan himoya qilishga harakat qiling;

 

Koʻp suyuqlik iching. Muzlatkichdan muzli ichimliklar emas, balki iliq suv yoki eng yaxshisi koʻk choy ichish tavsiya etiladi;

 

Koʻproq meva, sabzavotlar isteʼmol qiling. Juda achchiq va yogʻli ovqatlarni isteʼmol qilmaslikka harakat qiling;

 

Sovitish moslamalari bilan jihozlanmagan doʻkonlardan mahsulotlar xarid qilmang — ular quyoshda qancha vaqt boʻlganini bilib boʻlmaydi;

 

Konditsionerli xonada boʻlganingizda, toʻgʻridan-toʻgʻri sovuq havo oqimi tagida oʻtirmang va konditsionerni 18 darajadan past boʻlmagan haroratga tushiring.

 

Shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari bor insonlar dori-darmonlarni qabul qilish boʻyicha shifokor bilan maslahatlashishlari kerak.

 

Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi ham yoz chillasini qanday oʻtkazish kerakligi boʻyicha tavsiyalar berdi.

 

Unga koʻra, issiq havoda tabiiy, yorqin rangdagi, paxta matosidan boʻlgan kiyimlarni kiyish maqsadga muvofiq. Mavsumga mos bunday liboslar terining nafas olishiga imkon yaratadi, tana qizib ketishining oldini oladi.

 

Iloji boricha toʻgʻri tushayotgan quyosh nuridan saqlanishga harakat qilish va bosh kiyim kiyib yurish lozim.

 

Quyosh nuri soat 12:00 dan 16:00 gacha juda faol holatda boʻladi. Shuning uchun bu vaqt oraligʻida koʻchaga chiqishni rejalashtirmagan maʼqul. Ammo tashqariga chiqishga zarurat boʻlsa, tananing ochiq joylarini quyosh nuridan asrashga harakat qilish kerak.

 

Issiq ob-havoda organizmda suv balansi buziladi hamda koʻp namlik yoʻqotiladi. Shuning uchun jaziramada kuniga 3 litrdan kam boʻlmagan miqdorda suyuqlik ichish zarur. Yoz kunlari chanqoqni olcha, olma va nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron hamda limonli suvlar bosadi.

 

Jazirama kunlarda qahvadan voz kechgan maʼqul. Chunki u issiq kunda charchoqni oshiradi. Shirin va gazlangan ichimliklar ham tavsiya etilmaydi. Issiq ob-havoda spirtli ichimliklardan tiyilish kerak.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//