Siyosat
Prezidentning 31-maydagi muhim axborot infratuzilmasi obyektlari kiberxavfsizligini taʼminlash boʻyicha qaroriga muvofiq, Davlat xavfsizlik xizmatiga vakolatli organ sifatida qator vazifalar yuklatildi.
Hujjatga koʻra, DXX muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlikning taʼminlanganlik darajasini kuzatib boradi, ularni baholash va monitoring qilish tartibini ishlab chiqadi.
Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi bilan birgalikda kiberxavfsizlikni qonunchilikda belgilangan tartibda taʼminlash hamda rivojlantirish holati ustidan nazorat va monitoring olib borish vazifasi ham topshirildi.
DXX tomonidan oʻta muhim va toifalangan obyektlardagi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlikni taʼminlash yuzasidan nazorat tadbirlarini oʻtkazishda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bu haqda xabardor qilinadi hamda ularning natijalari toʻgʻrisida 48 soat ichida yozma axborot kiritiladi.
MAI obyektlarida kiberxavfsizlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan xodimlarning lavozimga tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi yuzasidan vakolatli davlat organi oʻz vaqtida xabardor etiladi hamda ushbu xodimlarni har 3 yilda bir marta vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyadan oʻtkazish amaliyoti joriy etiladi.
DXX, shuningdek, 2023-yil 1-oktabrga qadar muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining vaqtinchalik yagona davlat reyestrini shakllantiradi va vaqtinchalik nizomni tasdiqlaydi.
2024-yil 1-dekabrga qadar xorijiy davlatlar ilgʻor tajribasini oʻrganish asosida muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining doimiy yagona davlat reyestrini shakllantirish hamda obyektlarni toifalashning doimiy tartibini belgilash yuzasidan takliflarni prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatiga kiritishi topshirildi.
DXX vakolatli organ sifatida
MAI obyektlarida kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish, tezkor chora koʻrish va oqibatlarini bartaraf etish hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;
MAI obyektlarining yagona davlat reyestrini shakllantiradi va yuritadi;
davlat sirlarini oʻz ichiga olgan maʼlumotlarni qayta ishlaydigan MAI obyektlarida kiberxavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
2022-yilning aprel oyida prezident “Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi qonunni imzolagandi. Unga koʻra, davlat organlarining axborot resurslari va tizimlari majburiy tartibda kiberxavfsizlik ekspertizasidan oʻtkaziladi. DXX kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli organ etib hisoblanadi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q