Italiyada “Boburnoma” asari chop etildi

Saqlash
16:05 / 08.06.2023 1319 0

Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlaridan biri “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur “Boburnoma” asarini italyan tilida yuqori poligrafik sifatda chop etdi.

 

Bobur ijodining durdonasi, hech shubhasiz, XV-XVI asrlarda Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Hindiston va Eronda sodir boʻlgan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi “Boburnoma” tarixiy-biografik asaridir. Gʻoyat muhim va koʻp qirrali maʼlumotlar asosida mohirona tartib berilgan ushbu xotira kitobini mazmun jihatidan beqiyos hayotiy ensiklopediyaga qiyoslash mumkin. “Boburnoma” oʻzida xalqimizning azaliy qadriyatlari, intellektual va maʼnaviy olami xazinalarini bamisoli koʻzgudek aks ettiradi.

 

Ushbu nashr oʻzbek va italyan xalqlari oʻrtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarali va yorqin namunasi sifatida dunyoga keldi.

 

Asarni italyan tilida nashr etish jarayonlariga mazkur nashriyot rahbari Sandro Teti boshchiligidagi malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlarning katta guruhi jalb etilgan. Kitobni tayyorlashda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov va italiyalik taniqli turkolog, professor Federiko De Rensi ilmiy va adabiy muharrirlar sifatida ishtirok etgan.

 

Asarning italyancha tarjimasi Uiler M.Takstonning ingliz tilidagi tarjimasiga asoslangan boʻlib, u Bobur Mirzo yodnomalarining barcha xususiyatlarini imkon qadar koʻproq va toʻliqligicha saqlab qolgan, “zero, xotiralarning yaxlitligi XVI asr Osiyo tarixidagi asosiy qahramonlardan birining yorqin qiyofasini aniq aks ettiradi”.

 

Ushbu nashr Boburiylar davriga oid 96 ta badiiy miniatyura bilan bezatilgan. Bu suratlar oʻsha zamon uchun tarixiy, geografik, etimologik omillarni toʻliq hisobga olgan holda, kitob qahramonlarining xarakterlari va ichki dunyosini haqiqiy, realistik tarzda ochib beradigan rangtasvirning ilgʻor yoʻnalishi boʻlgan. Mashhur moʻjaz rasmlar ranglar palitrasi, nafis bezaklari va teran maʼnosi bilan ajralib turadi.

 

Koʻp nusxada chop etilgan “Boburnoma” kitobi Italiya va Yevropaning koʻplab kitob markazlariga taqdim qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//