Siyosat
Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘lib turgan Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Uchrashuvda siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.
Diplomatik munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi hamda uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qatarni nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun arab-musulmon olamida o‘zining istiqbolli hamkori sifatida bilishini aytib, muloqotlar bois munosabatlarda katta siljish kuzatilayotganini ta’kidladi.
Toshkentda Qatar elchixonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim o‘rin tutgani ta’kidlandi. Qatar tomoni Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochilishi ushbu jarayonga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.
Tomonlar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Qatarning yetakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida shu yil sentabr oyida O‘zbekiston-Qatar investitsiya forumini o‘tkazish hamda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoni Ko‘rfaz mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz yo‘laklarni shakllantirish muhimligini qayd etdi.
Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan, birgalikda madaniyat kunlari, konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va pazandachilik namoyishlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Mamlakatlar poytaxtlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan muntazam aviaqatnovlar ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar Afg‘onistonga nisbatan pragmatik siyosat yuritilishi, mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishi muhimligini ta’kidladi.
Transafg‘on temiryo‘lini barpo etish bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirishni birgalikda ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q