Eng namunali taʼlim muassasasi, eng namunali o‘qituvchi hamda o‘quvchilar aniqlandi

Saqlash
16:23 / 02.06.2023 1853 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Milliy gvardiya hamkorligida “Yangi O‘zbekistonga qanot bo‘lamiz!” shiori ostida “Eng namunali taʼlim muassasasi”, “Eng namunali o‘qituvchi” hamda “Eng namunali o‘quvchi” tanlovlarining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Mazkur ko‘rik-tanlovlarning hududiy bosqichi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tuzilgan Ishchi guruh ishtirokida aprel-may oyida o‘tkazilgan bo‘lib, unda Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent “Temurbeklar maktabi”, Mudofaa vazirligi Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”, Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi”, Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari Termiz “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseylari, shuningdek, jami 220 nafar o‘qituvchi va 960 nafar o‘quvchilar qatnashdi.

 

 

“Eng namunali taʼlim muassasasi”, “Eng namunali o‘qituvchi” hamda “Eng namunali o‘quvchi” tanlovlarining respublika bosqichida 6 ta taʼlim muassasasi, 6 nafardan o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.

 

Bu jarayonda harbiy-akademik litseylar va ularning o‘qituvchi va o‘quvchilarida uzluksiz maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning strategik yo‘nalishlari, taʼsirchan, kreativ va innovatsion uslublar ishlab chiqib amaliyotga qo‘llashi, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar eʼtiborga olinib, belgilangan shartlar bo‘yicha baholandi. “Eng namunali o‘qituvchi” tanlovida mashg‘ulotning tashkil etilishi, mashg‘ulot mazmuni, pedagogik madaniyati, o‘qitish metodikasi, faoliyat samaradorligi hamda maktabdan tashqari faoliyatidagi yutuqlari alohida eʼtiborga olindi. 

 

 

Baholash natijalariga ko‘ra, “Eng namunali o‘qituvchi” tanlovining respublika bosqichida 1-o‘ringa DXX Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o'qituvchisi Maftuna Sayfutdinova, 2-o‘ringa Mudofaa vazirligi Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyidan Javlon Jumayev, 3-o‘ringa Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyidan Lolaxon To‘rayeva munosib ko‘rildi.

 

 

Shuningdek, “Eng namunali o‘quvchi” tanlovining respublika bosqichida 1-o‘rinni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quvchisi Jon-Muhammad Ahadov, 2-o‘rinni Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyidan Hasanboy Komiljonov hamda 3-o‘rinni Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyidan Azizbek Hudaybergenov egalladi.

 

 

 

“Eng namunali ta’lim muassasasi” tanlovining respublika bosqichida esa 1-o‘rinni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari Termiz “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi, 2-o‘rinni Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi hamda 3-o‘rinni Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi qo‘lga kiritdi.

 

 

Taʼkidlash joiz, mazkur tanlovlar “Temurbeklar maktabi” va “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseylarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, yuqori malakali pedagoglarni rag‘batlantirish, pedagogik faoliyatning nufuzini yanada oshirish, yuksak bilimli, mustaqil fikrlaydigan, o‘zi tanlagan yo‘nalishi va mutaxassisligi bo‘yicha mukammal bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, taʼlim va tarbiya sohasidagi innovatsion texnologiyalarini keng ommalashtirish, sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir, deyiladi xabarda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//