Toshkent jamoat transportida narxlar kuzgacha oshmaydigan bo‘ldi

Saqlash
22:08 / 01.06.2023 1334 0

May oyi oxiriga qadar Toshkent jamoat transporti yo‘lovchilari uchun yangicha narxlarni o‘z ichiga olgan qulay tariflar joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Shahar kengashi deputati Xusniddin Ergashevning “Gazeta.uz”ga ma’lumot berishicha, o‘zgarish keyinga — kamida shu yilning kuz oylariga qoldirilgan.

 

Foto: “Toshshahartransxizmat”

 

Transport boshqarmasi yangi tariflar bilan jamoat transport vositalarida qatnash uchun yo‘lkiraning bir martalik narxi amaldagi 1400 so‘mdan 2000 so‘mga, bank va transport kartalari, mobil ilovalar orqali to‘lov qiluvchi yo‘lovchilar uchun esa 1600 so‘mga o‘zgarishini bildirgandi. Bir soat davomida ikki avtobusdan foydalanilsa, birinchisidan 1600 so‘m, ikkinchisidan esa 400 so‘m yechib olinishi; metrodan avtobusga yoki avtobusdan metroga o‘tilganida birinchisidan 1600 so‘m, keyingisidan 1000 so‘m to‘lov qilinishi ko‘zda tutilgandi.

 

Ammo may oyi tugadi hamki, o‘zgarish amalga oshmadi. Toshkent shahar kengashi deputati Xusniddin Ergashevning tushuntirishicha, bunga xalq vakillarining yangi tariflarga keskin qarshi ekani sabab bo‘lgan. Unga ko‘ra, 31-may kuni deputatlar tizimni joriy qilish masalasini muhokama qilgan va yakunda tariflarni isloh qilish bo‘yicha ishlar shu yilning kuzigacha amalga oshmasligi bo‘yicha qaror qabul qilingan. Bundan kelib chiqadiki, jamoat transportidan foydalanish narxlari kamida sentabr oyigacha o‘zgarishsiz qoladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//