O‘zbekistonda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda

Saqlash
17:01 / 01.06.2023 1005 0

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

 

Qonun bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda vakolatli organ sifatida belgilanmoqda.

 

Qonunning qo‘llanilish doirasi aniqlashtirilmoqda:

 

– davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga;

– davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga;

– davlat maqsadli jamg‘armalariga;

– ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga;

– o‘z ustav fondida davlat organlari yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi:

 

– manfaatlar to‘qnashuviga oid holatlar aniqlanganda bitimni bekor qilish, qarorni hamda boshqa hujjatni o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risida davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga taqdimnoma kiritadi yoxud ularni haqiqiy emas deb topish haqida sudga daʼvo kiritadi;

– manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestri, mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlaydi;

– mazkur infografikada Agentlikning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi shu va boshqa vakolatlari batafsil aks etgan.

 

Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda. Xususan:

 

– manfaatlar to‘qnashuvini maʼlum qilmaslik yoki uning tartibga solinmaganligi uchun intizomiy yoki qonunchilikda belgilangan boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi;

– manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar bekor qilinishi sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi, shuningdek, ushbu qarorlar haqiqiy emas deb topilgan taqdirda olingan foyda sud tartibida davlat daromadiga o‘tkazilishi belgilanmoqda.

 

Quyidagilar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda:

 

– davlat organi xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganligi uchun – BHMning uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima (takroran bo‘lsa – BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha);

– mansabdor shaxslarining ushbu vaziyatni tartibga solmaganligi uchun – BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima (takroran bo‘lsa – BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha).

 

Bunda maʼmuriy bayonnoma tuzish vakolati ushbu sohadagi maxsus vakolatli organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga yuklatilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//