Oʻzbekistonda Haj mavsumi qachon boshlanishi maʼlum qilindi

Saqlash
09:05 / 28.05.2023 1467 0

Oʻzbekistonda haj mavsumi 2023-yil 4-iyundan boshlanadi. Saudiya Arabistoniga 2023-yil 4-iyundan 19-iyunga qadar har kuni 4 ta aviaqatnov amalga oshiriladi. Bu haqda Musulmonlar idorasi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, oʻtgan yillarda ziyoratchilar respublikaning 7 ta hududiy aeroportlaridan kuzatilgan boʻlsa, bu yil yanada qulaylik yaratish maqsadida, oʻlkamizning 10 ta hududiy aeroportlaridan – Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Fargʻona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina yoʻnalishlari boʻyicha ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi.

 

“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Respublika Jamoatchilik kengashi “Haj – 2023” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini turli yoʻnalishlarda amalga oshirilmoqda. Jumladan, ziyoratchilarni guruhlarga ajratish, ellikboshilar biriktirish, ularning malakasini oshirish, shifokorlar ajratish, oshpazlarni jalb etish ishlari yakuniga yetkazildi. Saudiya Arabistonida dastlabki ishchi guruh mavsumga tayyorgarlikni olib bormoqda.

Tajribali ulamolar tomonidan ellikboshilar bilan ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish yuzasidan safar oldi oʻquv mashgʻulotlari oʻtildi. Ayni kunlarda ellikboshilar esa ziyoratchilar bilan safar oldi oʻquv mashgʻulotlarini boshladi. Haj amalining fazilati, ruknlari, safarga tayyorgarlik koʻrishda nimalarga eʼtibor berish kerakligi haqidagi masalalar bayon etilmoqda. Shuningdek, haj ibodatining odoblari va tartib-qoidalari ham tushuntirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

 

Ziyoratchilarga haj risolasi ham taqdim etildi. Ushbu qoʻllanma ikki qismdan iborat boʻlib, haj ibodatining inson ruhiyatiga taʼsiri va safarda oʻqiladigan duolar jamlangan.

 

Bundan tashqari, sayt va ijtimoiy tarmoqlarda haj ibodati haqidagi turkum suhbatlar, tavsiyalar, maqolalar, sharʼiy savol-javoblar berib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish