O'zbekistonda yangi jamoat fondini tashkil etish bo'yicha Prezident qarori imzolandi

Saqlash
15:02 / 12.08.2021 1102 0


Dunyoning yuzga yaqin mamlakatlarida istiqomat qilayotgan 10 milliondan ortiq vatandoshlarimiz va ular tomonidan tashkil etilgan 170 dan ortiq madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentimiz “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Fond faoliyatining asosiy yo‘nalishlari:

    xorijda vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish;
    xalqaro huquq normalariga amal qilgan holda, xorijdagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga ko‘maklashish;
    xorijda o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash;
    O‘zbekistonning boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish;
    vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalari faoliyatini rag‘batlantirish, ularga xorijda o‘zbek milliy madaniy markazlarini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish;
    xorijdagi vatandoshlarning chet eldagi ilmiy va ijodiy, O‘zbekistondagi tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, madaniy-ma’rifiy faoliyatiga ko‘maklashish;
    xorijiy davlatlar bilan migratsiya va ta’lim sohasida shartnomaviy-huquqiy hamkorlikni kengaytirish va boshqalar.

Fond faoliyatini moliyalashtirish davlat subsidiyasi va davlat ijtimoiy buyurtmalari, muassislar ajratadigan mablag‘lar, homiylik xayriyalari, grantlar va boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Fond o‘z faoliyatini boshlashi uchun 5 milliard so‘m ajratiladi.

Qarorga ko‘ra, “Vatandoshlar” jamoat fondi faoliyatini Vasiylik kengashi boshqaradi. Kengash mashhur shoir va yozuvchilar, san’at, teatr va sport arboblari, milliy madaniy markazlar vakillari, sohaga mas’ul davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar rahbarlaridan shakllantiriladi.

Vasiylik kengashi raisi vazifasini O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev bajaradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//