Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Sian shahrida “Markaziy Osiyo — Xitoy” birinchi sammitida ishtirok etmoqda. Prezident Matbuot xizmati Oʻzbekiston rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surgani haqida xabar berdi.
Prezident sammitdagi nutqida savdo, investitsiyalar, transport, gumanitar aloqalar, shu bilan birga, kelgusi oʻn yilliklarga moʻljallangan koʻp qirrali hamkorlikni ishlab chiqishning muhimligi haqida soʻzladi.
“Menimcha, mamlakatlarimizda yetakchi “aql markazlari”ning birgalikdagi faoliyatini yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratish talab etiladi. Tahlil institutlari, olim va mutaxassislar strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va qarorlar, mintaqaviy va global miqyosda tub burilish yasaydigan loyihalarni ishlab chiqishi lozim. Kelgusi yil Samarqandda milliy strategiyalarimizni uygʻunlashtirish masalalari boʻyicha birinchi Xalqaro ekspertlar konferensiyasini oʻtkazishga va munozara maydonini taqdim etishga tayyormiz”, dedi Prezident.
Oʻz nutqida Sh.Mirziyoyev aholi turmush tarzini yaxshilashda Xitoyning ilgʻor tajribasidan faol foydalanish muhimligini taʼkidladi.
“Biz kecha muhtaram Xitoy Xalq Respublikasining Raisi bilan Global taraqqiyot tashabbuslarining bosh maqsadiga erishish uchun birgalikdagi ishlarimizni davom ettirishga kelishib oldik. Ishonchim komil, aholi hayot darajasini oshirish va hududlarni, eng avvalo, qishloq tumanlarini rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan qoʻshma dasturni qabul qilish va amalga oshirish xalqlarimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi hamda bu 2030-yilgacha boʻlgan Kun tartibidagi maqsadlarga erishish yoʻlida umumiy hissamiz boʻladi”.
Qulay shart-sharoitlar va zaruriy huquqiy bazani shakllantirish uchun Oʻzaro savdoga koʻmaklashish va investitsiyalarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida koʻp tomonlama bitimni qabul qilish imkoniyatini koʻrib chiqish taklif etildi.
Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, raqamli texnologiyalarni jalb etish va innovatsiyalarni, ayniqsa, qishloq xoʻjaligiga keng joriy etish masalalari Xitoyning provinsiyalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hududlararo muloqotlar doirasida samarali hal etilishi mumkin.
Transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturlarning uygʻunligini taʼminlash va shu asosda uzoq muddatga moʻljallangan yagona strategiyani ishlab chiqishni birinchi galdagi vazifa, deb taʼkidlandi.
Iqlim oʻzgarishi va “yashil energetika” boʻyicha hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
“Afsuski, Markaziy Osiyodagi energetika infratuzilmalarini rivojlantirish surʼatlari sanoatlashish va urbanizatsiya jarayonlaridan, shuningdek, aholi oʻsishidan ortda qolmoqda. Bu esa mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror taraqqiyoti uchun chindan ham jiddiy tahdiddir.
Xitoyning quyosh, shamol va gidro-energetika, shuningdek, loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy vositalari sohasida texnologik jihatdan yetakchi ekanini hisobga olib, muqobil energetika boʻyicha yaqin ilmiy-amaliy sheriklikni kengaytirish zarur, deb hisoblaymiz”, dedi Prezident.
Sammit tadbirlari yakunlangandan soʻng, mamlakatlarning doʻstligi, yaxshi qoʻshnichiligi ramzi sifatida birgalikda daraxt ekish marosimi boʻlib oʻtdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q