Oʻzbekiston dunyodagi suv tanqis 33 ta mamlakat qatoriga tushib qolishi kutilmoqda

Saqlash
20:22 / 19.05.2023 2404 0

Suv tanqisligini qurgʻoqchil hududlarning qishloq xoʻjaligi tarmogʻiga qanday taʼsir koʻrsatishi oʻrganildi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.

 

Maʼlumotlarga koʻra, yer yuzida qariyb 1,1 milliard kishi turli darajadagi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda.

 

Kelgusi oʻn yillikda iqlim oʻzgarishlari va qoʻshni mamlakatlarda suv isteʼmolining ortishi Oʻzbekistonda Amudaryo va Sirdaryo kabi daryolardan suv olinishini kamaytiradi. Buning oqibatida qurgʻoqchilik va choʻllanish jarayoni yanada kuchayib ketishi hamda aholi turmush darajasiga jiddiy taʼsir qilishi mumkin.

 

2030-yilga borib, Oʻzbekistonda 7 milliard kub metr suv tanqisligi kuzatilishi va oqibatda mamlakat dunyodagi suv tanqis boʻlgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolishi ehtimoldan yiroq emas.

 

Bunday sharoitda Amudaryo va Sirdaryo havzalari quyi oqimida joylashgan hududlardagi eng koʻp suv sarflanadigan qishloq xoʻjaligi tarmogʻi (jami suvning 90 foizi) katta zarar koʻradi.

 

Shu sababli, Qoraqalpogʻiston hamda Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida suvni koʻp talab qiluvchi ekinlarni bosqichma-bosqich suvni kam talab qiladigan ekinlarga almashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

 

Hisob-kitoblarga koʻra, 1 tonna soya ishlab chiqarish uchun 4 124 kub metr va shuncha qoramol goʻshtini yetishtirish uchun 15 500 kub metr, 1 tonna guruch yetishtirish uchun 3 082 kub metr, 1 tonna bugʻdoy yetishtirish uchun esa 2 375 kub metrgacha suv sarflanadi.

 

Suv tanqisligi taʼsirini yumshatish maqsadida qurgʻoqchilikka chidamli ekinlarning suv isteʼmoli darajasi oʻrganib chiqildi.

 

Jumladan, suvni kam talab qiluvchi 1 tonna kovul (kapers) yetishtirish uchun 500 kub metr, choʻl joʻxorisi (helictotrichon desertorum, yem-xashak) yetishtirish uchun 700 kub metr, 1 tonna qoʻy va echki goʻshtini ishlab chiqarish uchun esa 1500 kub metrgacha suv sarflanadi.

 

Demak, ular yuqorida qayd etilgan suvni koʻp talab qiluvchi ekinlarga nisbatan 10 baravar kam isteʼmol qiladi. Shuningdek, mosh, loviya, noʻxat va qizil loviya (fasol) kabi qurgʻoqchilikka chidamli dukkakli don ekinlarini ekish maqsadga muvofiq.

 

Oʻzbekistoning sugʻorilmaydigan choʻl hududlarida qurgʻoqchilikka chidamli va bozorbop kovul (kapers) yetishtirib, uning eksportini keskin oshirish imkoniyatlari mavjud.

 

Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi yillarda ushbu mahsulotning eksporti hajmi 2,3 ming tonnadan (3,8 mln doll) 3,3 ming tonnaga (5,3 mln doll) ortgan. Kapersning qariyb 80 foizi Jizzax viloyatining lalmi maydonlarida yetishtirilmoqda.

 

Tadqiqot natijasida, qurgʻoqchil hududlarda kam suv talab qiluvchi kovul (kapers, ozuqabop va farmatsevtikada foydalaniladi), tipchoq (Festúca valesiáca, yem-xashak uchun), qoʻngʻirbosh (myatlik, yem-xashak uchun), choʻl joʻxorisi (helictotrichon desertorum, yem-xashak uchun) choʻl-dasht solyankasi (salsola collina, farmatsevtikada foydalaniladi), soyali sparja (fuchju, ozuqabop ekin) kabi ekinlarni joylashtirish imkoniyatlari borligi aniqlandi.

 

Avvalroq Markaziy Osiyo mamlakatlari 2050-yilga borib suv tanqisligiga duch kelishi haqida xabar berilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//