Metroda voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan yigit 5 sutkaga qamaldi

Saqlash
19:26 / 17.05.2023 1459 0

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudida 12-may kuni metroda voyaga yetmagan qiz bolaga shilqimlik qilgan yigit ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Nemolchi.uz” loyihasi xabar bermoqda.

 

Ma’lum bo‘lishicha, 10-may kuni 24 yoshli xorazmlik J.Sh. metro vagoni ichida o‘zi tanimagan voyaga yetmagan qizning tanasiga teginib, shilqimlik qilgan. Qiz bu haqda darhol vokzal xodimlariga xabar bergan, huquqbuzar qo‘lga olingan.

 

Fuqaro J.Sh. o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini aytgan va suddan jazoni yengillashtirishni so‘ragan. Jabrlanuvchi, o‘z navbatida, uni yanada qattiqroq jazoga tortishni talab qilgan.

 

Dastlabki tergov organlari yigitning ishini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) sifatida kvalifikatsiya qilgan. Biroq raislik qiluvchi sudya uni 41−1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan aybdor deb topgan. Bunda uning muqaddam ham ma’muriy javobgarlikka tortilgani, uning harakatlarida javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar mavjud emasligi inobatga olingan.

 

Sud hukmi bilan ayblanuvchi besh sutkaga ozodlikdan mahrum etilgan. Shuningdek, shaxsdan oziq-ovqat pullari sifatida davlat daromadiga 225 ming so‘m undirish belgilangan.

 

“Sudya Qurbonovning e’tiborliligi quvonarli holat, u ishning noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinganiga e’tibor qaratib, ishni yaqinda qabul qilingan “Shahvoniy shilqimlik qilish” moddasiga qayta tasnifladi. Bu huquqbuzarlikning alohida turi va odamlar bunday harakat qonun bilan jazolanishini bilishlari kerak", – deyiladi “Nemolchi.uz” loyihasida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//