Jamiyat
AQSh ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash harakatlari bo‘yicha bayonot berdi, unga ko‘ra, endilikda chegaradan qonuniy bo‘lmagan holda o‘tganlar boshpana olish huquqiga ega emas deb hisoblanadi. Bu haqda Ichki xafvsizlik departamenti saytida xabar qilindi.
“Bugun tundan boshlab chegaraga noqonuniy yo‘llar bilan kelgan odamlar boshpana olish huquqiga ega emas deb hisoblanadi. Biz AQShda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmaganlarni chiqarib yuborishga tayyormiz”, – deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, janubi-g‘arbiy chegarada 24 000 nafar chegara xizmati xodimlari va ofitserlar bor. Shuningdek, qonunlarni amalga oshirishda yordam berish uchun minglab askar va pudratchilar hamda qochqinlar bilan ishlash xizmatining mingdan ortiq xodimlari jalb qilingan.
“Kontrabandachilarning yolg‘onlariga ishonmang. Chegara ochiq emas”, — deya ogohlantirish berib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, AQShga kirish uchun mavjud qonuniy yo‘llardan foydalanmaydigan odamlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi mumkin. Qayta kirishni kamida 5 yilga taqiqlash va jinoiy javobgarlikka tortish shular jumlasidandir.
Bu ishlarni federal hukumat va G‘arbiy yarimshardagi hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirish reja qilingan.
Gap shundaki, 11-may kuni AQShda koronavirus sababli sog‘liqni saqlash sektorida e’lon qilingan favqulodda holat rasman nihoyasiga yetdi. Ya’ni AQSh-Meksika chegarasida muhojirlarni qabul qilmaslik uchun asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan, Tramp davrida pandemiyaga oid qabul qilingan cheklovlar o‘z kuchini yo‘qotdi.
Koronavirus pandemiyasining dastlabki kunlarida AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) sog‘liqni saqlash bo‘yicha buyruq chiqargan, u COVID-19 tarqalishini to‘xtatishga qaratilgan. Buyruq bilan hukumatga muhojirlarni AQSh quruqlik chegaralaridan tezda chiqarib yuborishga ruxsat berilgan. Bunday siyosat CDC direktoriga uni chiqarishga ruxsat bergan federal qonundagi nizom — 42-xatboshi nomi bilan tanilgan.
42-xatboshi bilan muhojirlar o‘z mamlakatlariga yoki Meksikaga qaytarib yuborilgan. AQSh bojxona va chegara himoyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘zgarish boshlanganidan beri rasmiylar AQSh-Meksika chegarasidagi muhojirlarni 2,8 million martadan ortiq holatda chiqarib yuborgan.
Rasmiylarning prognozlariga ko‘ra, bu qoidaning olib tashlanishi AQShga o‘tishga urinayotgan muhojirlar sonining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi mumkin.
Bayden lavozimga kelganidan beri, Human Rights First tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 42-xatboshi ostida chegaradan o‘tishga ruxsat etilmagan odamlarni o‘g‘irlash, qiynoqlar, zo‘rlash yoki boshqa zo‘ravonliklar bilan bog‘liq 13 000 dan ortiq holat aniqlagan.
Rasmiylarga ko‘ra, muhojirlar sonidagi o‘sish prognozining yana bir sababi ulardan moliyaviy manfaatlarni ko‘zlayotgan kontrabandachilarning berayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlaridir.
Bir hafta oldin jurnalistlar bilan suhbatda Alexandro Mayorkas muhojirlarni bu harakatlar qurboni bo‘lmaslikka chaqirgan.
“Siz aldanib, hayotingizni xavf ostiga qo‘yasiz. Chegara ochiq emas va 11-maydan keyin ham ochilmaydi”, — degandi u.
G‘arbiy yarimshardagi ommaviy migratsiya davrida AQSh immigratsiya organlari 10 yillik protokollarga murojaat qiladi. Ushbu tizimga ko‘ra, muhojirlar mamlakatdan chiqarib yuboriladi, hibsga olinadi yoki ularning ishlari AQShdagi immigratsiya sudida ko‘rib chiqiladi.
Ammo Bayden ma’muriyati, shuningdek, hukumat chegaradagi bosimni yengillashtiradigan qator o‘zgarishlarni rejalashtirmoqda, deb yozadi CNN.
Ba’zi istisnolar mavjud bo‘lsa-da, boshpana bermaslik to‘g‘risidagi yangi qoida AQSh-Meksika chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarga nisbatan qo‘llanadi. Bu hamrohi bo‘lmagan migrant bolalarga taalluqli emas.
“Biz bu o‘zgarishlarga ancha vaqtdan beri tayyorgarlik ko‘rdik va hozir tayyormiz”, — dedi Mayorkas, lekin u chegarada ko‘p sonli muhojirlar kutilayotganini ham tan oldi.
Ma’lumot uchun, 6-may kuni AQSh hukumatining 2023-yil uchun “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi” — Green Card javoblari e’lon qilingan. Ushbu vizani qo‘lga kiritish uchun taxminan 119 mingdan ziyod kishi ro‘yxatdan o‘tgan.
Dastur natijalariga ko‘ra, Green Card yutganlarning eng ko‘pi Afrika, Osiyo va Yevropa mamlakatlarida ro‘yxatdan o‘tgan. O‘zbekiston 5511 nafar g‘olib bilan Misr (5529) va Jazoirdan (5526) keyin fuqorolariga eng ko‘p yutuq chiqqan 3-mamlakat bo‘ldi.
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q