Qashqadaryoda Oʻzbekiston bayrogʻi rangidagi tasma taqqan yigit qoʻlga olindi

Saqlash
18:54 / 07.05.2023 1255 1

Ijtimoiy tarmoqlarda Qamashi tumanidagi bozorda huquq-tartibot idoralari xodimlari Oʻzbekiston bayrogʻi rangidagi va “Bitiruvchi” yozuvi boʻlgan tasma taqqan yigitni qoʻlga olgani aks etgan video tarqaldi.

 

Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmatining Kun.uz nashriga xabar qilishicha, voqea 5-may kuni Qamashi shahridagi “Chim” bozorida sodir boʻlgan.

 

Bozorda navbatchilik qilayotgan profilaktika inspektorlari tasmali yigitni payqab, uni toʻxtatib, davlat ramzlari toʻgʻrisidagi qonunga koʻra, uni bu koʻrinishda taqib yurish unga nisbatan hurmatsizlik hisoblanishini aytgan va tasmani olib tashlashni soʻragan.

 

“Fuqaro IIB xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, qarshilik koʻrsatgan”, — deyiladi xabarda.

 

Natijada belgilangan tartibda Qamashi tumanida yashovchi fuqaro R. I. bilan profilaktik suhbat oʻtkazilgan”, — deyiladi viloyat IIB axborot xizmati maʼlumotida.

 

Holat yuzasidan fuqaroga MJtKning “tegishli moddalari”ga koʻra hujjatlar rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar qonuniy toʻxtamga kelish uchun jinoyat ishlari boʻyicha Qamashi tuman sudiga yuborilgan, deya qoʻshimcha qildi IIB.

 

Qayd etish kerak, Oʻzbekiston bayrogʻi ranglaridagi tasmalardan maktablarda oʻquv yili yakunlangan kuni, shuningdek, 9-may — Xotira va qadrlash kunida keng qoʻllaniladi.

 

Oʻtgan yilning noyabr oyida OʻzLiDeP bayroqdan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlarni yumshatish, fuqarolarga undan erkin foydalanish, xususan, uni oʻz uyi va ish joylariga oʻrnatish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bundan tashqari, bayroqdan foydalanish bilan bogʻliq javobgarlik choralarini qayta koʻrib chiqish ham taklif qilindi.

 

Hozirda Oʻzbekiston bayrogʻidan faqat davlat organlari va diplomatik vakolatxonalar binolarida, prezident va boshqa rahbarlar devonlarida, harbiy qismlarda, chegara postlarida, sport maydonchalarida, bayram va tantanalarda, shuningdek, bayramlarda asosiy koʻchalarda foydalanishga ruxsat berildi.

1 Izoh

Gulixon Qodirova

12:01 / 01.01.1970

Shunday ekan, bu kabi bayroqlarni fawat hukumat vakillari buyurtma asosida tayyorlatib olishi kerak. Bozorlarda hohlagan tadbirkor hohlagancha ishlab chiqarib sotyapti. Bu esa hohlaysizmi yo'qmi hohlagan fuqaro o'z puliga sotib olib, hohlagan maqsadida foydalanadi. Uni taqqqan, undan foydalangan fuqaroga emas uni ishlab chiqqan va shu fuqaroga sotgan sotuvchi va tadbirkorga chora ko'rilsa maqsadga muvofiq bo'lar edi.

Izoh qoldirish

//