Аyollarsiz teatr namoyishlari, “Z” avlod fojeasi, Bir yolg‘on qissasi – “Ma’naviy hayot”ning yangi sonida o‘qing

Saqlash
23:53 / 05.05.2023 2326 0

“Nasibam qo‘shilgan ekan, 1992-yili Bobur Mirzo va uning avlod-ajdodlari izidan yo‘lga chiqqan bir guruh boburparvar do‘stlar bilan birga Eron, Turkiya, Suriya, Urdun, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Afg‘oniston mamlakatlarida bo‘ldim. O‘n to‘rt kishidan iborat ilmiy ekspeditsiyamiz a'zolari oltmish kecha-yu oltmish kunduz yo‘l yurib, o‘n sakkiz ming kilometrdan ziyod masofani bosib o‘tdilar. Bu unutilmas safar O‘zbekiston tarixida o‘ziga xos bir voqea bo‘lib qoldi...” Bobur hayotiga bag‘ishlangan “Ayla yod Boburni...” maqolasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning Hindiston safari taassurotlari hamda Boburiylar hayotiga taalluqli ko‘plab yangi sir-asrorlar bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2023-yil 1-sonida tanishishingiz mumkin.

 

“Mutaxassislarning fikricha, bolalarning qattiq qo‘rquv va dahshatli voqealar bilan to‘qnash kelishi xulqida zo‘ravonlik, vahshiylik va fahshga qiziqishni oshirishi mumkin ekan. Qo‘g‘irchoqlardan qo‘rquv ham ko‘p hollarda pediofobiya shakllanishiga sabab bo‘ladi. “Tiktok” va “YouTube” platformasi orqali bir necha soniya davom etuvchi “Ko‘k boshli maxluqcha yo‘qoldi. Shu yerda emasmi?” roligi tarmoq foydalanuvchilarining memiga aylandi...” Karvon qo‘ng‘irog‘i ruknida e’lon qilingan “Avlod ongiga ov” maqolasida tarmoqlarning bola ruhiyatiga ta'siri, axborot vositalarining xavfli va zararli jihatlari haqida atroflicha fikr yuritiladi.

 

“Hozir drama, komediya, tragediya deya ajratiladigan janrlar qadimgi Yunonistonda bir so‘z bilan komediografiya deb atalgan. Aktyorlarni komediantlar deyishgan. Qiziq jihati, o‘sha zamonlarda komediantlikni kasb qilgan kishilar bo‘lmagan. Tomoshalarda amaldor-u savdogarlar, oddiy odamlar baravar rol o‘ynayvergan. Faqat qullar va ayollarga ruxsat berilmagan...” Hozirda dunyo san'atining eng asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lmish dramaning ilk ko‘rinishi, tarixi va rivojlanishi haqida “Shouning mumtoz shousi” maqolasida o‘qing.

 

Shuningdek, mazkur sonda “Ayol kaftidadir yumaloq dunyo...”, “Vaqt”, “Lida checha o‘gitlari”, “Yolg‘on – haqiqatning soyasi” “Chin yurtidagi chin muxlislari”, “Shouning mumtoz shousi” maqolalari, “Umrni ma’noga to‘ldirmoq zavqi”, “O‘zimizning toybola”, “Bir yolg‘on qissasi” suhbatlari o‘rin olgan.

 

Ushbu songa Berlin, Seul, Rim va Vena shaharlaridan tayyorlangan madaniy yangiliklar yakun yasagan. Jurnalning ushbu soniga xulosa o‘rnida “Yolg‘on – haqiqatning soyasi” maqolasiga epigrf qilib olingan yozuvchi Oybekning quyidagi ritorik baytini keltirish mumkin:

 

“Kurashadi ikki kishi

Qarab turaymi?”

 

“Ma’naviy hayot” bilan befarqlar tarafida turmaslikni odat qiling.

 

Ilhom MUSULMONOV,

 Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//