Baxtiyor Saidov Goada Hindiston va Pokiston TIV rahbarlari bilan muzokara oʻtkazdi

Saqlash
17:07 / 05.05.2023 1853 0

Hindistonning Goa shtatida boʻlib turgan Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jaishankar bilan uchrashdi.

 

“Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jaishankar Janobi Oliylari bilan uchrashib, izchil taraqqiy etayotgan Oʻzbekiston-Hindiston munosabatlarini sarhisob qildik”, — deb yozgan Oʻzbekiston TIV rahbari.

 

 

Taʼkidlanishicha, iqtisodiy va madaniy sohalarni mustahkamlash, faol hududlararo hamkorlikka alohida eʼtibor qaratgan holda istiqboldagi aloqalarni rivojlantirishning qator yoʻnalishlari boʻyicha atroflicha fikr almashildi.

 

Saidov, shuningdek, Pokiston Tashqi ishlar vaziri Bilaval Bhutto Zardoriy bilan ham muzokaralar oʻtkazgan. Uchrashuvda barcha sohalarda Oʻzbekiston-Pokiston hamkorligining ulkan va ayni paytda toʻliq kashf etilmagan salohiyatidan keng foydalanish boʻyicha suhbatlashilgan.

 

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston TIV rahbari 4-5-may kunlari boʻlib oʻtayotgan Shanhay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Hindistonga tashrif buyurgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//