Dam olish kunlari havo salqin bo‘lishi kutilmoqda

Saqlash
16:57 / 05.05.2023 1958 0

O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari — 6−7-may sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

 

Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, juma kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida havo kam bulutli, quruq va iliq bo‘lishi kutilmoqda, havo harorati +24…+29 daraja atrofida bo‘ladi.

 

Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazmda va kechga tomon Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublika shimolida havo harorati +18…+23 darajagacha pasayadi.

 

6-mayda respublika hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi havo harorati +18…+23 darajagacha pasayadi, bu may oyining boshi uchun bo‘lgan me’yordan 3−5 darajaga pastdir.

 

7-mayda respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kechasi +8…+13 darajagacha pasayadi, kunduzi harorat +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi.

 

Respublikaning ayrim joylarida do‘l yog‘ishi mumkin. 5-mayda shimolda, janubda va cho‘l hududlarda, 6-mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda shamol 22−25 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bo‘lishi mumkin.

 

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 5−7-may kunlari vaqti-vaqti bilan momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Baland tog‘larda (2000 metrdan yuqorida) yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.

 

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 5−7-may kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//