O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilishga 50 mlrd so‘m ajratiladi

Saqlash
16:06 / 05.05.2023 1315 0

Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

 

Hujjatga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2023-yil uchun davlat budjetidan mahalliy aviaqatnov yo‘nalishlarini subsidiyalash uchun qo‘shimcha 30 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

 

Belgilanishicha, Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda reyslarni ularning bandligidan kelib chiqib subsidiyalash mexanizmlarini aniqlaydi.

 

Qaror bilan 2023-yil 1-maydan boshlab:

 

2024-yil 1-iyulga qadar tajriba tariqasida turoperator xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga ular tomonidan 5 nafar va undan ortiq norezidentlarga xizmatlar ko‘rsatishni nazarda tutuvchi turpaketlar (joylashtirish, avtomobil yoki temiryo‘l transporti, ekskursiya va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar qamrab olingan) bo‘yicha chet ellik hamkorlariga taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 20 foiz miqdoridagi mablag‘lar respublika budjetidan subsidiya sifatida qaytariladi;

 

2026-yil 1-mayga qadar mahalliy turoperatorlar, turizm sohasida joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yoki avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga o‘z faoliyatida yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchi bilan birga o‘n va o‘ndan ortiq o‘rindiqqa ega bo‘lgan hamda ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq bo‘lmagan transport vositalarini O‘zbekiston hududiga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini foizlar hisoblanmagan va ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 12 oy muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.

 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Madaniyat va turizm vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu bandda nazarda tutilgan tartiblarning o‘z vaqtida joriy etilishini ta’minlaydi. O‘zbekistonning turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilishga 2023-yilda 50 milliard so‘m ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//