Milliy gvardiyaga qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda

Saqlash
19:39 / 03.05.2023 1060 0

Senatning navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

 

Mazkur Qonun bilan Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik, quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurishga oid ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish, bayonnomalar tuzish va ularni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish yuzasidan qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda.

 

 

Qolaversa, bu kabi vakolatlar voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, tilanchilik qilish hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish holatlarida ham amalga oshiriladi.

 

Bunda mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ichki ishlar organlarida ham saqlanib, huquqbuzarlik Milliy gvardiya xodimlari tomonidan aniqlangan taqdirda ularga jarima jazosini qo‘llash huquqi berilmoqda.

 

 

Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda qonuniylikni ta’minlash va asossiz javobgarlikka tortish holatlarining oldini olish maqsadida Milliy gvardiya organlari nomidan Qonunda ko‘rsatilgan boshqarma (bo‘lim) boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni qo‘rib chiqishga va jarima jazosini qo‘llashga haqli ekanligi belgilanmoqda.

 

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yuqorida keltirilgan o‘zgartishlar kiritilishi munosabati bilan jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar bo‘yicha Milliy gvardiya organlariga huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish huquqi berilmoqda.

 

 

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//