Forbes dunyoning eng koʻp maosh oluvchi sportchisini eʼlon qildi

Saqlash
17:17 / 03.05.2023 1619 0

Portugaliya terma jamoasi va Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Forbes talqini boʻyicha eng yuqori daromadli erkak sportchi deb topildi. Oʻtgan yilgi yetakchi Lionel Messi bu safar ikkinchi oʻrinni egalladi. Dunyodagi eng koʻp maosh oladigan sportchilar uchligiga faqat futbolchilar kiradi. 

 

Ronalduning soʻnggi 12 oydagi umumiy daromadi 136 million dollarga baholangan. Ronaldu bu mablagʻning atigi uchdan bir qismini – 46 million dollarni futbol maydonida ishlab topgan. Portugaliyalik futbolchi 2022-yil noyabr oyida “Manchester Yunayted”ni tark etib, 2023-yil yanvarida Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubiga oʻtgan. Yana 90 million dollarni Ronaldu futboldan tashqarida, shu jumladan reklamalar orqali ishlab topgan

 

Reytingning ikkinchi qatorida oʻtgan yilgi yetakchi 35 yoshli argentinalik futbolchi Lionel Messi joy oldi. Uning yillik daromadi oʻzgarmagan – 130 million dollar. U bu qiymatning yarmini Adidas, Budweiser, PepsiCo va boshqa brendlar bilan tuzilgan reklama shartnomalaridan olgan.

 

Kuchli uchlikni yana bir futtbolchi Kilian Mbappe yakunlab berdi. 24 yoshli fransiyalik hujumchi oʻtgan yili 120 million dollar ishlab topgan, shundan 100 million dollari futboldan kelgan. 

 

Reytingdan, shuningdek, uch nafar basketbolchi “Los-Anjeles Leykers”dan Lebron Jeyms (toʻrtinchi oʻrin, 119,5 million dollar), “Golden Steyt Uorriors”dan Stefen Karri (sakkizinchi oʻrin, 100,4 million dollar) va “Finiks Sans”dan Kevin Dyuran (89,1 million dollar) oʻrin olgan.

 

Bundan tashqari, reytingning yuqori pogʻonalarida golfchilar Dastin Jonson (107 million dollar), Fil Mikkelson (106 million dollar), bokschi Kanelo Alvares (110 million dollar), tennischi Rojer Federerni (95,1 million dollar) koʻrish mumkin. 

 

Forbes reytingni tuzishda 2022-yilning 1-mayidan 2023-yilning 1-mayigacha boʻlgan muddatda sportchilarning ish haqi, mukofot pullari va bonuslarini hisobga olgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//