Navoiy fondining internet saytida navoiyshunoslikka oid manbalar alohida platformaga jamlandi

Saqlash
11:11 / 21.11.2021 1140 0

Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondining rasmiy sayti tashkil etildi. Ushbu sayt Alisher Navoiy asarlari va navoiyshunoslikka oid barcha manbalar jamlangan internetning oʻzbek segmentidagi ilk platformadir.

 

navoiyfond.uz deb nomlangan ushbu internet saytida Navoiy fondining tashkil topgan vaqti, vazifa va maqsadlari haqida bayon qilinib, Alisher Navoiy asarlarining barcha jildlari elektron kitob shaklida joylashtirilgan. Shuningdek, Alisher Navoiy va navoiyshunoslikka doir kitoblar, ilmiy tadqiqotlar, audio kitoblar hamda Navoiy haqida ishlangan spektakllar va kinofilmlar haqida batafsil maʼlumotlar oʻrin olgan.

 

 

Navoiy ijodi boʻyicha ilmiy ish qilgan barcha navoiyshunoslarning tarjimayi holi, qilgan ishlari va asarlaridan parchalar ham saytdan oʻrin olgan.

 

Eslatib oʻtamiz, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi 2021-yil Alisher Navoiy tavalludiga 580-yil toʻlishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga binoan buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning hayoti va ijodini, uning boy ilmiy-adabiy merosini oʻrganish, asarlarini yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil qilingan.

 

Fondning asosiy vazifalari sifatida Alisher Navoiy hayoti, yuksak insonparvarlik gʻoyalari va ilmiy-adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng oʻrganish va targʻib qilish; Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, mukammal ilmiy nashrlarini yaratish, ularni respublikada va chet ellarda nashr etish; Alisher Navoiyning ilmiy-adabiy merosini tadqiq etayotgan adib va olimlar faoliyatiga koʻmaklashish, ular yaratgan ilmiy va badiiy asarlarni jamlash, shoir ijodini oʻrganayotgan, jumladan xorijiy davlatlardagi ilmiy-ijodiy markazlar bilan hamkorlik qilish kabi vazifalar belgilangan.

 

Saytda ushbu belgilangan vazifalarning bajarilishi bilan bogʻliq barcha yangiliklar eʼlon qilib boriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish