4 ta viloyatdagi aeroportlar boshqaruvi xususiy sektorga beriladi – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
20:25 / 27.04.2023 1157 0

Joriy yilda 4 ta viloyatdagi aeroportlar boshqaruvi xususiy sektorga beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yalpi majlisida ma’lum qildi.

 

«Yaqin-yaqingacha iqtisodiyotning muhim tarmoqlari faqat davlat korxonalaridan iborat edi.

 

Islohotlar natijasida oldinlari «yopiq» bo‘lgan tarmoqlarga xususiy investitsiyalar faol kirib kelmoqda. Misol uchun, avval 100 foiz davlat tarmog‘i hisoblangan aviatsiya sohasida xususiy sektorga keng yo‘l ochildi», – deydi davlat rahbari.

 

Qayd etilishicha, transport sohasida raqobat muhitini yaratishga qaratilgan islohotlarni davom ettirish maqsadida bu yil Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari boshqaruvini ham xususiy sektorga topshiriladi.

 

«Temir yo‘l sohasida ham katta o‘zgarishlarni boshlayapmiz va bunda investorlar faol ishtirok etishlarini so‘rab qolaman», - dedi Prezident.

 

Shu bilan birga, tez o‘sib kelayotgan IT, turizm, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda O‘zbekiston mintaqaviy xabga aylanib borayotgani ham bu yo‘nalishdagi katta imkoniyat.

 

Bu yil davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish bo‘yicha 14 milliard dollarlik alohida dasturlar xalqaro moliya institutlari ko‘magida ishlab chiqildi. Bular davlat uchun muhim bo‘lgan transport, kommunal va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab oladi.

 

Shuningdek, O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha «1 ming + 1 ming + 40» dasturi qabul qilingan.

 

Bu 1 mingta korxonadagi davlat ulushlari hamda yana 1 mingta davlatga tegishli ko‘chmas mulk ob’yektlari ochiq auksion savdolariga chiqariladi, iqtisodiyotimiz uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona IPO ga olib chiqiladi degani. Jumladan, oltin, mis ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar, telekommunikatsiya va sug‘urta kompaniyalari hamda banklar aksiyalari investorlarga taklif etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//