Rossiyada vafot etgan oʻzbekistonlik mehnat migrantining oilasiga 1 mln rubldan ortiq mablagʻ undirib berildi

Saqlash
14:01 / 20.11.2021 1285 0

Rossiyada baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan oʻzbekistonlik mehnat migrantining oilasiga 1 million rubldan ortiq mablagʻ undirib berildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, fuqaro B.Yu.(1994-yilda tugʻilgan) Rossiyaning «Monotek Stroy» MCHJda ish boshlaganidan 2 oyu 5 kun oʻtib, 2020-yilning 21-sentyabrida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan. Uning Xorazm viloyatida ota-onasi bilan birga yashovchi turmush oʻrtogʻi (1995-yilda tugʻilgan) va qizi (2019-yilda tugʻilgan) qolgan.

 

Marhumning oilasiga zararni undirib berish boʻyicha Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan rossiyalik yuristlar jamoasi jalb etilib, uzoq davom etgan jarayonlardan soʻng 1 million 161 ming rubl (15 774 dollar) mablagʻ toʻlab berish boʻyicha ish beruvchi bilan yuridik kelishuvga erishilgan.

 

Shuningdek, Rossiya qonunchiligiga muvofiq, marhumning oilasiga jabrlanuvchining ish joyida baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgani munosabati bilan 1 million rubl atrofida kompensatsiya berilishi ham koʻzda tutilgan.

 

Qayd etilishicha, hozirda Rossiya Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasidan ushbu mablagʻni undirish va marhumning voyaga yetmagan qiziga 18 yoshga toʻlgunga qadar nafaqa tayinlash masalasi hal qilinmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//