8 milliardlik transformer Toshkentga yetib keldi. Uning qanday imkoniyatlari mavjud?

Saqlash
21:38 / 17.04.2023 2346 0

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab boʻlgan 15,5 mlrd soʻmlik 2 ta maxsus avtotransport (transfomerlar) Toshkentga yetib keldi. Uning taqdimotida Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etib, ushbu transportdan barcha viloyatlarga 1 tadan boʻlishi maqsadga muvofiqligi haqida gapirdi.

 

 

“Muhokamalarga sabab boʻlgan maxsus transportimizning imkoniyatlarini koʻryapmiz. Buni xarid qilishimizdan asosiy maqsadimiz konsert dasturi tashkil etish yoki kino qoʻyish imkoniyati mavjud boʻlmagan chekka ovullar aholisiga “Mobile sahna” sifatida sotib oldik. U elektr ham talab qilmaydi.

 

Eng muhimi u bilan istalgan hududda konsert dasturlarini tashkil etish mumkin. Yaʼni bizga qoʻshimcha yordam talab etilmaydi. Bu transportlarimiz yil 12 oy Respublikamizning eng chekka hududlarida xalqimizga xizmat qiladi.

 

Bu transportni boshqa davlatlarda borligi haqida biz eshitmadik. Biz ilk bora 2 dona olib keldik. Maqsadimizga erishdik. Umuman olganda biz oʻylagan narsamizni koʻrib turibmiz.

 

Agar bundan har bir viloyatga olib kelsak, oʻylaymanki, viloyatlarda katta muammolarimiz qolmaydi. Xalqqa madaniy xizmat koʻrsatish imkoniyatimiz yanada kengayadi”, dedi vazir.

 

Qayd etilishicha, mazkur “Madaniyat karvoni” uchun moʻljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus avtotransport (transformer) vositasining texnik parametrlari (koʻrinishi, soni, chizilmasi va boshqa) mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqildi va musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus eng zamonaviy avtotransport vositasi boʻyicha xorij davlatlari, jumladan, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH va Xitoydan keltirilgan maxsus uskunalar yordamida tayyorlangan.

 

 

“Avvallari konsert dasturlarini tashkil etish uchun bir qancha qiyinchiliklarga duch kelingan va maʼlum vaqt talab etilgan. Bu konstruksiyada esa sahnani tayyorlash uchun 2-2 yarim soat talab etiladi.

 

Sahna va barcha ovoz moslamalari 10 ming nafar odamgacha qamrab olishi mumkin. Quvvati 40 kilovatt hisoblanadi. Ushbu kompleks Markaziy Osiyoda yagona. Bu kompleksdan 2 ta yasaldi.

 

Har bitta kompleksga 8 mlrd soʻm atrofida mablagʻ sarflandi. Biz tomonimiz berilgan smeta eng arzon taklif sifatida tanlandi. Bu kabi komplekslar asosan Yevropa mamlakatlarida ommabop. Ularda xuddi shu kabi kompleksning narxi oʻzimizning pulda hisoblaganda 25-30 mlrd.ga aylanadi”, dedi Turin politexnika universiteti Texnoparki muhandisi Jasur Mustafoyev.

 

Transformer “JV MAN Auto-Uzbekistan” MCHJ qoʻshma korxonasida mahalliy korxonalar (Turin Politexnika Universiteti) bilan birgalikda ishlab chiqilgan.

 

Avtotransport (transformer) ni oʻrnatishda qariyb 10 kishi ish olib boradi. Transport vositasi dizel yoqilgʻisida harakatlanadi, shuningdek, trasnportda generator oʻrnatilgan boʻlib transportni elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//