Mehnat vazirligi vaksina olmagan xodimlarni ishdan chetlashtirish tartibi haqida maʼlumot berdi

Saqlash
18:24 / 19.11.2021 850 0

Mehnat kodeksining 113-moddasida, karantinli va odam uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud boʻlganda Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan oʻtishni rad etgan taqdirda (sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma mavjud boʻlmaganda) ish beruvchi uni ishga qoʻymaslikka haqli.

 

Qonunchilik meʼyorlarini toʻgʻri, aniq va bir xil qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida tavsiyaviy xarakterdagi tushuntirish ishlab chiqildi, deb xabar bermoqda Mehnat vazirligi axborot xizmati.

 

Unga koʻra, karantinli va odam salomatligi uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklarni tarqalishi tahdidi mavjud boʻlgan taqdirda profilaktik emlashdan oʻtishni rad etish, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 113-moddasi 3-qismiga asosan xodimni ishdan chetlashtirish boʻyicha buyruq chiqarishga asos boʻladi.

 

Ish beruvchi, karantin va odam uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklarni tarqalishi tahdidi munosabati bilan emlashdan oʻtish majburiyati yuzasidan kasaba uyushma bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki mehnat tartib qoidalari, jamoa shartnomalari va boshqa lokal hujjatlarga qoʻshimcha kiritishi lozim.

 

Shuningdek, ishdan chetlashtirish boʻyicha buyruq chiqarishdan avval xodimdan emlashni rad etish boʻyicha yozma ariza olinadi. Agar xodim yozma ariza berishdan bosh tortsa, xodimning emlanishni rad etganlik va bu boʻyicha ariza berishdan bosh tortganligi yuzasidan dalolatnoma tuziladi. Ishdan chetlashtirish boʻyicha buyruq bilan xodim imzo qoʻygan holda tanishtiriladi.

 

Xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanmaydi. Tibbiy qarshiliklar boʻlmaganda emlashdan bosh tortgan xodimlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq intizomiy jazo qoʻllanilish choralari nazarda tutilishi mumkin.

 

Xodimning sogʻligʻi holatiga koʻra profilaktik emlashdan oʻtishni rad etadigan qarshi koʻrsatma mavjud boʻlganda ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq xodim masofaviy ish rejimiga oʻtkazilishi mumkin. Emlashdan oʻtishni tashkillashtirish ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

 

Mazkur normalar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan lokal hujjatlarda belgilanishi kerak.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//