14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari oʻrganilib, ular 3 toifaga ajratiladi

Saqlash
21:24 / 11.04.2023 1342 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

 

- Barcha rahbarlar bir narsani bilib olsin: ertangi kunimiz egalari boʻlgan yoshlar bilan ishlash – biz uchun hayot-mamot masalasi! Biz yoshlarga bugundanoq sharoit qilib bermasak, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surmasak, Yangi Oʻzbekistonni qanday barpo qilamiz? – dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida.

 

Oʻtgan davrda yoshlar siyosati boʻyicha ishlarni mahallada tashkil etish boʻyicha mutlaqo yangi vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. 9 ming 400 ta mahallaga fidoyi va tashabbuskor oʻgʻil-qizlardan iborat yoshlar yetakchilari tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyat yaratildi. Oʻtgan yilning oʻzida:

 

- yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion soʻm kredit ajratilib, 150 mingta loyiha ishga tushdi, 325 mingta ish oʻrni yaratildi;

 

- 43 ming gektar ekin maydoni ajratilib, 435 ming yoshlar bandligi taʼminlandi;

 

- 32 mingdan ziyod yoshlarga subsidiya ajratilib, ularga asbob-uskuna, mehnat qurollari va kompyuter olib berildi.

 

Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

 

- 130 ming talaba yoshlarga 1,7 trillion soʻm taʼlim krediti berildi, xotin-qizlarning magistraturada oʻqishi bepul boʻldi;

 

- 53 ming nafar ehtiyojmand talabalarga oʻqish uchun kontrakt pullari toʻlandi;

 

- 81 ming talabaga uy-joy ijara toʻlovi ajratildi, 15,5 ming yoshlarga harbiy xizmat uchun mablagʻ toʻlab berildi;

 

- 13 ming yoshlarga chet tillari boʻyicha sertifikat olish xarajati toʻlab berildi;

 

- “Yoshlar daftari” orqali 300 ming yoshlarga qariyb 600 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi.

 

Shuncha sharoit yaratilganiga qaramasdan, ayrim hokimlar va vazirlar yoshlar masalalari bilan jiddiy shugʻullanmayotgani, ayniqsa Termiz shahri, Chiroqchi, Kasbi, Urgut, Sherobod, Angor, Uzun, Muzrabot, Amudaryo, Dehqonobod, Oltinsoy, Sharof Rashidov, Asaka, Qamashi, Taxiatosh va Peshku tumanlarida yoshlarning bandligini taʼminlash oqsayotgani tanqid qilindi.

 

Yigʻilishda yoshlar bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi taʼkidlandi.

 

14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari oʻrganilib, ular 3 toifaga ajratildi. Endilikda ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ishlanishi taʼkidlandi.

 

Bunda:

 

- yaxshi oʻqiyotgan, tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol boʻlgan 4,4 million yoshlar “yaxshi” toifaga;

 

- turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yosh “oʻrta” toifaga kiritildi;

 

- davlatning gʻamxoʻrligi va eʼtiborini kutayotgan hamda koʻmakka muhtoj 396 ming nafar yoshlar “ahvoli ogʻir” toifasiga alohida ajratib olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//