Jamiyat
Yevropada tong bir finjon achchiq qahva va gazeta bilan boshlanadi, deydi media vakillari. Xo’sh, bizda qanday boshlanadi? Bosma nashrlarning yuragi urib turgan ekan, bizda ham tong Yevropadagi kabi boshlanishiga shubha yo’q. Keling, bugun matbuot nashrlarida qanday mavzular yoritilganiga e’tibor qaratamiz.
Gazetalarni varoqlay turib kuzatish mumkinki, bugun matbuot diqqat markazidagi asosiy uch mavzu: Olimpiya g’alabasi, saylov jarayonlari va Turkmanistonning “Avaza” sayyohlik zonasida bo’lib o’tkan Maslahat uchrashuvidir. Ushbu yirik siyosiy jarayonlarga har bir nashr o’ziga xos yondashishga harakat qilgan. Ma’lumki, respublikamizning eng yirik siyosiy nashri “Xalq so’zi”da asosan, hukumat a’zolari, davlat arboblari, deputatlar chiqishlarini kuzatamiz. Yangi sonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo’mitasi raisi o’rinbosari Nodir Tilavoldiyevning O’zbekiston Mustaqilliging 30 yilligiga bildirgan fikr-mulohazalari, Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo’mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayevning turkmanistonda bo’lib o’tkan Markaziy Osiyo davlatlari Maslahat uchrashuviga tahlilida yoshlar masalasiga urg’u berilgan maqolalari e’lon qilingan. Nashrda shuningdek, saylovga doir muhim ma’lumotlar keltirilgan. 32-Olimpiya o’yinlarida ishtirok etgan sportchilarimizni kutib olish va taqdirlash marosimi jurnalist Dilshod Karimovning “Vatanni sharaflash saodati” maqolasida atroflicha tahlil qilingan.
“Народное слово” gazetasining yangi sonida e’lon qilingan materiallar ham boshqa siyosiy nashrlardagi qatori deyarli bir xil. Ammo gazeta korrespondenti Oybek Boltaboyevning “Права и обязанности неразделимы” nomli maqolasida beshta siyosiy partiyaning ilgari surayotgan g’oyalar, huquq va majburiyatlar tahliliga bag’ishlangan maqola e’lon qilingani alohida ahamiyatli deb aytish mumkin. Nashrning bugungi sonidagi yana bir muhim o’ziga xoslik bu Olimpiya o’yinlaridagi natijalarimizga bag’ishlangan qiziqarli infografika desak yanglishmaymiz:
O’z nomi bilan bosma nashrlar ichidagi yangi gazeta — “Yangi O’zbekiston” qisqa muddat ichida barchaning e’tiboriga tushgani sir emas. Uning 10-avgustda chop etilgan sonida Senat raisi Tanzila Norboyeva bilan suhbat yoritilgan. Ma’lumki, hukumat rahbarlari bilan suhbat asosan siyosiy nashrlarda beriladi. Bu siyosiy nashrlarning asosiy yutuqlaridan biri desak mubolag’a bo’lmaydi. Ushbu gazetada berilgan suhbatda 5-6-avgust kunlari Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo’lib o’tkan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuviga bag’ishlangan. Shu bilan birga, 32-Olimpiya o’yinlarida ishtirok etgan sportchilarimizning tantanali kutib olinishi Bashorat Yunusovaning “Vatan uchun ko’ksim tog’, qalqondir sha’nim” nomli maqolasida yoritilgan. Gazetaning bugungi sonida asosiy urg’u Sirdaryo viloyatiga qaratilgan desak yanglishmaymiz. Nega deganda “Sirdaryo namunasi — sifat namunasi” nomli qo’shsahifada viloyat hokimi G’ofurjon Mirzayev bilan suhbat, hududning turli shahar va tumanlaridagi obodonchilik, tadbirkorlik ishlari, Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabi faoliyati va boshqa islohotlar keng yoritilgan. Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag’ishlangan hududga doir maxsus sahifada, shuningdek, o’tkan yili suv toshqini oqibatida katta ziyon ko’rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarining bugungi ko’rinishi, Xovos tumanida 3080 gektar maydonida uzumchilik plantatsiyasi rivojlantirilishi rejalashtirilayotgani, buning natijasida hududdagi 3 mingdan ziyod aholi ish bilan ta’minlangani e’tirof etilgan. 50 ming aholisining asosiy qismi ko’p qavatli uylarda Yangiyer shahridagi qurilish ishlari, ayniqsa, aholini ichimlik suvi bilan yetarlicha ta’minlash borasidagi harakat va natijalar aks ettirilgan. Gazetaning so’nggi sahifasida adabiyotshunos olim Bahodir Karimning yozuvchi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” nomli yangi romaniga bag’ishlangan tahliliy fikr-mulohazalarini o’qish mumkin.
“Правда востока” da bugun mamlakatimizdagi eng yirik siyosiy jarayon — saylov jarayonlariga bag’ishlangan maqola e’lon qilingan. Shuningdek, “Yangi O’zbekiston”da chop etilgan aksariyat maqolalar rus tilida bayon qilingan. Ammo gazetaning bugungi sonidagi eng yaxshi sarlavha sifatida gazeta korrespondenti Timur Nizayevning “Старт после финиша” sarlavhasini e’tirof etish mumkin. 205 ta mamlakat ishtirok etgan Olimpiya o’yinlariga bag’ishlangan yirik tahliliy maqolaning qisqa, lo’nda, e’tibor tortadigan, “qizil gap”lardan holi sarlavha bilan bayon etilishi bu — mahorat, albatta.
“Vatan uchun 9 daqiqa”, “Qonun ijrosi nega ta’minlanmayabti?”, “Turizm qishlog’i”, “Oltin qalam” kimniki?” — ushbu sarlavhalar “Ishonch” gazetasining yangi sonidan olindi. Mustaqillik tengdoshi hisoblanmish ushbu nashrning bugungi soni boshqa nashrlardan farqli holda qisqa materiallar, dolzarb mavzular o’ziga xos dizayn va uyg’un ruknlar bilan yoritilgan.
Xulosa qilib aytganda, matbuot hali tirik. Unda zalvori og'ir, rakursi turfa xil maqolalar ko'proq berib borilsa nashrlar yanada jonlanishi shubhasiz. Bizning kuzatuvlarimiz davom etadi...
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q