Oʻzbekistonda yoʻl harakati sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdori kamaytirilmoqda

Saqlash
20:00 / 19.11.2021 917 0

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun maʼqullandi.

 

Qonun bilan 5 ta modda sanksiyasi miqdori kamaytirilmoqda. Xususan, transport vositalari egalari tomonidan sugʻurta polisini olmaganlik yoki muddati oʻtgan sugʻurta polisi yoki sugʻurta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi, yoʻlovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shugʻullanganligi, pasport tizimi qoidalarini buzganligi, fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki oʻtkazish uchun jarima miqdori kamaytirilmoqda.

 

Kiritilayotgan oʻzgartirishga koʻra, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga “bluetooth”, quloqchin va boshqa qoʻlni band qilmaydigan garnituralar foydalanishga ruxsat berilmoqda.

 

Transport vositasi salonining old qismiga monitor (displey) oʻrnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, shuningdek, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni oʻlchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash joriy etilmoqda.

 

Bundan tashqari, Ichki ishlar organlari yoki konsullik muassasasi tomonidan berilgan biometrik pasport (ID-kartasi) mavjud boʻlgan taqdirda haydovchidan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjat, transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazganlik toʻgʻrisidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi talab etilmaydi.

 

Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda eʼlon qilingach kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//