Oʻzbekistonda pora olgan, bergan, vositachilik qilgan 20 yilgacha qamalishi mumkin

Saqlash
21:54 / 07.04.2023 2362 0

Senatning oʻttiz toʻqqizinchi yalpi majlisida “Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Jinoyat kodeksi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan toʻldirilib, unga koʻra, kodeksning tegishli moddalari, qismi va bandlarida nazarda tutilgan qilmishlar korrupsiyaga oid jinoyatlar deb topilishi belgilanmoqda hamda ushbu jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

 

Shuningdek, ushbu qonun bilan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar orqali oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni toʻliq qoplamagan shaxslarga hamda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish kabi normalar qoʻllanilmaydi.

 

Qonunga muvofiq davlat organi va tashkilotlari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organi, nodavlat notijorat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish bilan bogʻliq jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash belgilanmoqda.

 

Shuningdek, senatorlar tomonidan kiritilayotgan oʻzgartirishlar korrupsiyaviy jinoyatlarni aniq belgilash va ushbu turdagi jinoyatlarga qarshi tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqish, korrupsiyaviy jinoyatlarni oldini olish, korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan adolatli jazo belgilanishiga hamda jinoyat oqibatida jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilishi qayd etildi.

 

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burhonovning yozishicha, maʼqullangan qonunga koʻra,

 

– hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish (205-modda) hamda Hokimiyat harakatsizligi (208-modda) jinoyatlari gʻarazli niyatlarda sodir etilgan boʻlsa, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;

– pora olganlik (210-modda), pora berganlik (211-modda) va pora olish-berishda vositachilik qilganlik (212-modda) uchun yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilishi belgilanmoqda.

 

Shuningdek, Jinoyat kodeksining sakkizinchi boʻlimi Korrupsiyaga oid jinoyatlar atamasi bilan toʻldirilmoqda va 16 ta moddada nazarda tutilgan jinoyatlar (167-modda uchinchi qismi “d” bandi, 168-modda toʻrtinchi qismi “g” bandi, 192-9, 192-10-moddalari, 192-11-modda ikkinchi qismi “v” bandi, 205-modda ikkinchi qismi “v” bandi, 206-modda ikkinchi qismi “v” bandi, 208-modda ikkinchi qismi, 209-modda ikkinchi qismi “v” bandi, 210, 211, 212, 213, 214-moddalari va 301-modda ikkinchi qismi “b” bandi) shuningdek, 243-moddada nazarda tutilgan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etish natijasida olingan daromadlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar korrupsiyaviy jinoyatlar sifatida eʼtirof etilmoqda.

 

Poraxoʻrlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinmasligi, korrupsiyaga oid ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikka tortish muddatining oʻtib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilish qoʻllanilmasligi belgilanmoqda.

 

Qonun Prezident tomonidan imzolangandan soʻng kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//