Qoʻqon pedagogika instituti yotoqxonasida qizlarning xonasidan yashirin kamera topildi

Saqlash
14:42 / 05.04.2023 1446 0

Qoʻqon pedagogika institutining qizlar yotoqxonasiga kamera oʻrnatilgani aniqlandi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, institut talaba qizlaridan biri 4-aprel kuni vazirlik Telegram kanalining muloqot botiga qizlar yashaydigan talabalar turar joyi xonalaridan biriga kuzatish kamerasi yashirincha oʻrnatilgani haqida maʼlumot bergan.

 

Vazirlik axborot xizmati shikoyat qilgan qiz bilan suhbatlashgach, vazirlikning Fargʻona hududiy boshqarmasi masʼullari tomonidan Qoʻqon pedagogika institutiga borib, vaziyat oʻrganilgan. Jarayon davomida xonaga videokamera oʻrnatilgani aniqlangan.

 

“Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishini va aybdor shaxslar aniqlangach, ularga nisbatan tegishli choralar koʻrilishini maʼlum qiladi”, — deyiladi xabarda.

 

 

Avvalroq “Kun.uz” Qoʻqon davlat pedagogika institutida oʻquvchi bir necha talaba qizning murojaatini eʼlon qilgandi. Talabalarning aytishicha, 1-aprel kuni ularni referendum targʻibot tadbiridan zudlik bilan chaqirib, yotoqxonadagi xonani ochib berish soʻralgan. “Wi-Fi signali yoʻqolib qolayotgani sababli uni kuchaytiruvchi moslama oʻrnatilishi”ni aytishgan.

 

Qizlar keyinroq oʻrnatilgan moslamani yechib olib, mutaxassislarga olib borib koʻrsatgan. Ular bu moslama yashirin kamera ekanini aytgan. Kamera ovoz va tasvirni flesh-diskka ham yozib olishini, tarmoq orqali boshqa qurilmaga uzatishi maʼlum qilingan. Yaʼni xonani bu kamera orqali onlayn kuzatib turish imkoni ham boʻlgan. Qizlar kameraga biriktirilgan 128 Gb hajmdagi flesh-diskni ochib oʻqitib koʻrishganida kiyim almashtirayotgani ham tasvirga tushganiga guvoh boʻlishgan.

 

Shuningdek, institut ham ushbu masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi va holat boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi.

 

“Qoʻqon davlat pedagogika instituti rektorining buyrugʻiga koʻra, talabalarning psixologik muamolari bilan ishlash, ularning ruhiy holatlarini barqarorlashtirish hamda oʻqish jarayonidagi stress holatlarini oldini olish boʻyicha maxsus xona tashkil etilish maqsadida haftaning shanba-yakshanba kunlari talabalar oʻz uyiga ketishlarini hisobga olib xonani shanba kuni jihozlash boshlangan.

 

Lekin bu holat haqida talabalar oʻz vaqtida ogohlantirilmagan. Natijada bu anglashilmovchilik yuz bergan”, — deyiladi xabarda.

 

Fargʻona viloyat IIB holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilayotganini bildirdi. Unga koʻra, 2-aprel kuni Qoʻqon davlat pedagogika instituti 1-yotoqxonasida yashovchi V.Z. “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, oʻz murojaatida talabalarning yechinib-kiyinish xonalariga kuzatuv kamerasi oʻrnatganidan noroziligini bildirgan. Mazkur xabar shu kunning oʻzida tegishli tartibda roʻyxatga olingan.

 

Holat yuzasidan Qoʻqon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani va natijasi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot taqdim etilishi maʼlum qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//