Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan bogʻliq holat qanday bosqichda?

Saqlash
23:20 / 02.04.2023 1434 1

Kecha, 1-aprel kuni Xorazm viloyati adliya va FVB boshliqlarining jirkanch ishlari oshkor qilingani haqida maʼlumot bergan edik.

 

Holat boʻyicha Bosh prokuratura rasmiy bayonot bilan chiqdi.

 

Bosh prokuratura tomonidan Xorazm viloyatidagi holat bilan bogʻliq jinoyat ishi boʻyicha chiqarilgan sud hukmi va appelyatsiya instansiyasining ajrimlari qonuniyligi oʻrganilgan.

 

29-mart kuni sudlangan A.Masharipov va A.Kuryazovlarga yengil jazo tayinlanganligi va boshqa holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan.

 

Mirziyoyeva munosabati

 

Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva ham yuz bergan fojia yuzasidan munosabat bildirdi.

 

«Bu holat qonunchiligimizda jiddiy muammolar borligi va ushbu boʻshliqdan jirkanch shaxslar foydalanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Voqea ishtirokchilari orasida huquq idorasi vakillari ham borligi esa nihoyatda xavotirlidir.

 

Bosh prokuraturadan mazkur holatga alohida eʼtibor qaratib, sinchiklab oʻrganishni va huquqiy baho berishni soʻrayman.

 

Biz mavjud qonunchilikni qayta koʻrib chiqib, takomillashtirish, turli “lazeyka”larni yopish, oilaviy zoʻravonlik boʻyicha qonunni qabul qilishni tezlashtirishimiz zarur. Mazkur qonun loyihasi ayollar va bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan», dedi Mirziyoyeva.

 

Pedofillarni kimyoviy bichish taklifi

 

Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Komil Allamjonov qonunchilikka pedofillarni kimyoviy bichish toʻgʻrisidagi oʻzgartirishlarni kiritish kerakligini yozmoqda.

 

“Pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qoʻllash yuzasidan qonunchilikka oʻzgartirish kiritish vaqti keldi”, deydi u.

 

Allamjonov, shuningdek, bu tartib xalqaro tajribada ham borligini, ayrimlarida hatto, oʻlim jazosi belgilanganini aytadi.

 

“Agar bu masala dunyo tajribasisiz boʻlmaydi, qayda bor bu jazo, desangiz Qozogʻiston, Ukraina, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Daniya, Isroil, Janubiy Koreya, Fransiya, AQSH va hokazo davlatlarni koʻring. Ularda bor ekan bu jazo. Xitoy, Lotin Amerikasi davlatlari, Saudiya Arabistoni va Eronda biratoʻla oʻldirib yuborilar ekan”, deb yozadi Komil Allamjonov.

 

Ekspert xatolarni sanadi

 

Taʼlim boʻyicha ekspert, oʻz davrida “Kamolot” yoshlar harakatiga rahbarlik qilgan Bahodir Gʻaniyev himoyasiz qizaloqlarni “bolaxoʻr va baloxoʻr”lar qoʻliga tushishiga olib kelgan xatolarga eʼtibor qaratdi.

 

Unga koʻra, qizlarni jirkanch ayol qoʻliga berib qoʻyilishi oilaviy mehribonlik uylari xodimlarini tanlash va ularga bolalarni berishda nomzodlarni tekshirish tizimi ishlamasligini koʻrsatadi.

 

“Bu ayolga bolalarni oʻsha adliyadagi bolaxoʻr kabi bitta rahbarcha tanish-bilishchilik orqali bergan boʻlishi ham mumkin”, deydi u.

 

Ayni choqda u, mahalla tizimining harakatsizligiga eʼtibor qaratgan.

 

“Oilaviy mehribonlik uylari mahallalarda joylashgan. Mahalla degan «mukammal va noyob” tizimda mahalla raisi bor, profilaktika inspektori bor, yoshlar yetakchisi bor. Ularning eng muhim vazifalaridan biri – mahalladagi notinch oilalardagi bolalar va alohida toifadagi yoshlar holidan xabardor boʻlishdir. Ular qayerda edi?”, deya savol qoʻyadi B.Gʻaniyev.

 

Ekspert mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining Milliy gvardiyaga topshirilganini ham xato deb atagan.

 

“Murakkab masala soha egasi boʻlmagan tashkilotga berilgan. Harbiy bilimga ega odamlar ijtimoiy ish va bola huquqlariga oid masalalarni qayerdan ham bilsin, aqli yetganicha nimalarnidir qilgan. Ayb ularda emas, masalani ularga topshirganlardadir. Ijtimoiy himoyaga oid maxsus organ boʻlganida, bolalar holidan malakali mutaxassis doimiy ravishda xabar olgan boʻlardi”, deya mulohazalarini davom ettiradi mutaxassis.

 

Qolaversa, haftasiga 6 kun maktabga qatnagan qizlarning zoʻravonlik qurboni boʻlganidan maktab maʼmuriyati, oʻqituvchilar, psixolog, taʼlim muassasasiga biriktirilgan militsiya inspektori, yoshlar yetakchisining xabarsiz qolishi savol ostiga olingan.

 

Ekspert taʼkidicha, voyaga yetmaganlarga oid jinoyatlar Bolalar ombudsmanining qatʼiy nazoratida boʻlishi kerak. Davlat organi rahbar xodimining jirkanch xatti-harakatida ayblanishini esa huquq idoralari nazorat qilishi lozim.

 

“Ammo ular nimagadir kar va koʻrni yoqib olgan va adolatsizlikka yoʻl qoʻygan, balki ayrim masʼullari koʻmaklashgandir ham. Yuqoridagilardan birontasiga bir yil yoki undan ham koʻp vaqt davomida ham hech qanday signal bormaganiga ishonmayman. Ammo jim oʻtirganlar. Sabab? Kamida masʼuliyatsizlik va malakasizlik. Ayrimlari manfaatdor boʻlgan boʻlishi ham mumkin”, deydi B.Gʻaniyev.

 

Ayni paytda jamoatchilikni Xorazmdagi hodisa takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak degan savol qiynamoqda.

 

“140 ga yaqin oilaviy mehribonlik uylarini oʻrganib chiqish kerak, bu yagona holat boʻlmasligi mumkin. Boylarning bolalariga milliardlarni sarflab Prezident maktablari tarmogʻini yaratdik, shu bolalar uchun ham xuddi shunday sharoitdek bir nechta maktablarni tashkil qilsa boʻlmaydimi?”, deb savol qoʻyadi ekspert.

 

Bundan tashqari, u yetimlar, nogironlar, ayrim kasalliklarga chalinganlar bilan ishlash uchun ijtimoiy himoyaga qaratilgan maxsus organ yaratish, qonunchilikdagi “teshik”larni yopish, maktab psixologlarining ishini kuchaytirishni taklif etgan.

 

Qizlar bilan boʻlgan zoʻravonlikni berkitgan va oldini olishga masʼul boʻlganlar jazolanishi shartligini taʼkidlagan ekspert mudhish jinoyatga qoʻr urgan boshqa ehtimoliy aybdorlarni ham topish lozimligini uqtirgan.

1 Izoh

Нодира

12:01 / 01.01.1970

Бировни боласини биров аямайди, нима керак бундай оилавий етимхона, ундан кўра умумий меҳрибонлик уйида тарбиялансин. Жилла қурса ўз тенгдоши билан севишиб қолади. Аллақандай бойвачча қўлида ҳароб бўлмай. Ёш қизларни увол қилганларга қаттиқ жазо берилсин.

Izoh qoldirish

//