Siyosat
Tashqi ishlar vazirligida Vazirlik xodimlari va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirokida “Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarning saylovdagi ishtirokini keng ta’minlash: me’yoriy huquqiy asoslar, imkoniyatlar va mexanizmlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda asosiy ma’ruzachi sifatida Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayev va Komissiya a’zolari ishtirok etdi.
Davra suhbatini O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Siddiqov kirish so‘zi bilan ochib berib, istiqboldagi muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Prezidenti saylovini yuqori darajada o‘tkazish, xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini saylovda faol ishtirokini ta’minlash va bu jarayonda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida yurtimizning diplomatik vakolatxonalari mavjud bo‘lgan 38 ta davlatda 54 (55 ta dipvakolatxona, Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxona va BMTdagi vakolatxona birga) stasionar saylov uchastkalari hamda ushbu davlatlarning 128 shaharlarida va diplomatik vakolatxonalar mavjud bo‘lmagan 11 davlatda qo‘shimcha ravishda jami 316 ta ko‘chma saylov uchastkalari tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda.
Respublikamizning xorijdagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini xorijda yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida, mahalliy hokimiyat, diasporal tashkilotlar va o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ko‘p joylashgan korxona rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Xorijiy tomonlar o‘zbek xalqi hayotidagi ushbu muhim siyosiy tadbirni o‘tkazishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirib, muddatidan oldin ovoz berish jarayonini o‘tkazish uchun loyiq bino va kerakli yordam berilishini qayd etishgan. Diplomatik vakolatxonalardan to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda chet eldagi saylovchilarning birlamchi ro‘yxati shakllantirilgan.
Diplomatik vakolatxonalari tomonidan chet eldagi 151 ta o‘zbek diasporal tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi taklifi asosida O‘zbekiston Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan 34 ta xorijdagi o‘zbek diasporalari bilan chet davlatlarda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining bandligini ta’minlash va ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish sahasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
MSK raisi Z.Nizamxodjayev o‘z nutqida Yangi O‘zbekiston yuksalishi jarayonida inson huquqlarini keng ta’minlash, siyosiy-huquqiy hayotni va ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish, jamiyatni demokratlashtirish kabi masalalar islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga aylanganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekistonda saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar, yangi qabul qilingan Saylov kodeksi, turli sabablar bilan xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarining saylovda ishtirok etishlariga oid batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Davra suhbatida ishtirok etgan talabalar, yosh diplomatlar diplomatik saylov qonunchiligining muhim jihatlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Anjuman yakunida ishtirokchilar, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q