Siyosat
Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish ishlarining ijrosi va bu borada joriy yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Taʼkidlanishicha, oʻtgan oʻn yilda 1,2 trillion soʻmlik davlat aktivlari sotilgan boʻlsa, 2022-yilning oʻzida bu koʻrsatkich 11,3 trillion soʻmga yetgan. Yaʼni soʻnggi bir yilda oʻn yil davomida qilingan ishlardan 10 karra koʻp natijaga erishilgan.
Bu boradagi ishlar hamma joyda ham bir maromda bormagan. Masalan, Toshkent viloyatida 112 ta obyekt sotilib, ularning negizida 150 ta tadbirkorlik subyekti va mingdan ziyod yangi ish oʻrni paydo boʻlgan. Lekin Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryoda oʻtgan yili savdoga chiqarilgan mulklarning 30 foizi ham sotilmagan. Tarmoqlar kesimida aytganda, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi mulklarning xususiylashtirilishi sust.
Umuman, joriy yil boshida 30 mingdan ortiq davlat obyektida oʻtkazilgan xatlov bu borada ishlar hali koʻpligini koʻrsatgan. Shu bois bugun davlat rahbarining qarori bilan xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi. Unda uchta yoʻnalishda – aksiya, koʻchmas mulk va IPO boʻyicha xususiylashtirish rejalari belgilangan.
Birinchidan, 1 mingta korxonadagi davlat aksiya paketlari sotuvga chiqariladi. Ikkinchidan, 1 mingta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga qoʻyiladi. Ularda 600 gektar yer va 1 million kvadrat metrli bino-inshootlar mavjud.
Ushbu obyektlarni sotishni tezlashtirish uchun mulklarni sotishga tayyorlash muddati hozirgi 80 kundan 48 kunga qisqartiriladi. 2 ming kvadrat/metrgacha boʻlgan obyektlarni tadbirkorlarning murojaati asosida toʻgʻridan toʻgʻri savdoga chiqarishga ruxsat beriladi.
Uchinchidan, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi “xalqchil IPO” orqali sotiladi. Jumladan, ilk bor Navoiy va Olmaliq kombinatlari, Metallurgiya kombinati, “Oʻztelekom”, Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning oʻrtacha 2 foiz aksiyalari aholiga taklif etiladi. Bunda aholiga aksiyalarni toʻgʻridan toʻgʻri sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30 foizi dividend toʻlashga yoʻnaltiradi.
Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur dastur samarasida joriy yilda 13 trillion soʻm tushum taʼminlanadi, 3 mingta yangi korxona tashkil etish va 50 mingta ish oʻrni yaratish imkoniyati paydo boʻladi. Yigʻilishda ushbu vazifalar barcha hudud va tarmoqlar kesimida muhokama qilindi. Mutasaddilar dastur ijrosini taʼminlash boʻyicha hisobot berdi.
Xususiylashtiriladigan davlat mulklari imkoniyatini aholi va tadbirkorlar oʻrtasida targʻibot qilish, hujjatlarni rasmiylashtirishda ularga koʻmaklashish muhimligi taʼkidlandi. Yirik davlat kompaniyalarini kapital bozoriga olib chiqish, investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q