“Suvga moʻl dengiz faqat Nukus muzeyida osilgan rasmlarda qolgan” – Saida Mirziyoyeva BMT minbarida Orol muammosini koʻtardi

Saqlash
15:52 / 24.03.2023 1209 0

Nyu-Yorkda suv masalalari boʻyicha BMT anjumanida Saida Mirziyoyeva Oʻzbekiston nomidan chiqish qilib, Orol dengizi mintaqasi uchun muhim boʻlgan masalalarni koʻtardi.

 

22-24-mart kunlari BMTning bosh qarorgohida tuzilmaning Suv masalalari boʻyicha konferensiyasi oʻtkazilmoqda. Xalqaro hamjamiyat 45 yillik tanaffusdan soʻng ilk marotaba bunday konferensiyada jam boʻldi. Chunki masala nihoyatda dolzarb: 2050-yilga borib sayyora aholisining 5 mlrd kishisi suv tanqisligidan aziyat chekishi mumkin.

 

23-mart kuni konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyeva nutq soʻzlab, BMT minbaridan Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar va bu boradagi xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirishda Oʻzbekistonning yetakchiligi xususida soʻz yuritdi.

 

 

Saida Mirziyoyeva Orolboʻyidagi Moʻynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar boʻlgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning oʻlik qirgʻoqlari kemalar qabristoniga aylanganini taʼkidlab, qoraqalpoq elining atoqli shoiri Ibroyim Yusupov ijodidan dengizning koʻz ochib yumguncha sahroga aylanishi tasvirlangan satrlarni oʻqib berdi.

 

“Orol dengizining inqirozi insoniyatning atrof-muhitga eʼtiborsizligi oqibatlari haqida dahshatli eslatmadir. Biroq, gʻamxoʻr odamlarning saʼy-harakatlari tufayli u yana umid va yangilanish ramziga aylanmoqda”, – dedi Saida Mirziyoyeva.

 

 

Oʻzbekiston amalga oshirayotgan chora-tadbirlar haqida soʻz borganda, mintaqani moliyalashtirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish, asosiysi, matonatli qoraqalpoq elining salomatligini tiklash, hududda yashil bogʻlarni yaratish uchun 14 mln dollardan ortiq mablagʻ ajratilgani aytildi.

 

 

Fojia oqibatlarini bevosita oʻz boshidan kechirayotgan Qoraqalpogʻiston xalqining matonati, mehnatsevarligi, yaratuvchanligi alohida eʼtirof etildi. Mintaqaning ogʻir sharoitida, ayniqsa, ayollar kuchli gʻamxoʻrlik va koʻmakka muhtojligi, ular uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//